AOKAda Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi mutasaddilari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Bugungi kunda Agentlik tizimida 14 ta Prezident maktabi, 9 ta ijod maktabi, 185 ta ixtisoslashtirilgan maktab, Bahodir Jalolov nomidagi boksga va Oksana Chusovitina nomidagi gimnastikaga ixtisoslashtirilgan sport maktablari, “Yangi O‘zbekiston” universiteti, Is’hoqxon Ibrat nomidagi Namangan davlat chet tillari instituti, Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi, Fan olimpiadalar markazi faoliyat ko‘rsatmoqda.
Bundan tashqari, 2024 yilda Ko‘kdala, Pop va Oqdaryo tumanlari ixtisoslashtirilgan maktablari tashkil etilib, natijada iqtidorli bolalar uchun qo‘shimcha 504 ta yangi o‘quvchi o‘rni, 162 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Agentlik maktablariga kirish imtihonlarida 215 ming 211 nafar o‘quvchi ishtirok etdi. Prezident maktablariga hujjat topshirgan o‘quvchilar soni bir o‘ringa nisbatan 185 tani tashkil etib, o‘tgan yilga nisbatan 16 taga oshdi.
Muhammad al-Xorazmiy nomidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 3 ta – Andijon, Samarqand, Nukus shahar filiali tashkil etildi. Agentlik tizimidagi o‘quvchi va talabalar soni 73 ming 500 nafarga yetdi. Hozirda maktablardagi 8 ming 473 nafar o‘qituvchining 54 foizini oliy va birinchi toifalilar tashkil etadi. Bu ko‘rsatkich 2023 yilga nisbatan 7 foizga oshdi. Iqtidorli yoshlarni seleksiya qilish tizimini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida Agentlik huzurida Fan olimpiadalari markazi tashkil etildi.
Prezident maktablari bitiruvchilarining 80 foizi SAT sertifikatiga ega bo‘ldi va bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 30 foizga oshdi. Bitiruvchilarning 100 foizi xalqaro til bilish sertifikatlariga (eng yuqori ball 8,5 ball) ega bo‘ldi. Kembrij Xalqaro A-level imtihonlarida bitiruvchilarning 70 foizi yuqori natijaga erishdi.
Toshkent, Xiva, Nukus va Namangan shahridagi Prezident maktablariga CIS (Council of International Schools) Xalqaro maktablar kengashi tashkiloti tomonidan sentyabr-oktyabr oylari davomida tashrif amalga oshirildi, o‘rganish yakunlariga ko‘ra, ushbu maktablar xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazildi.
9 ta ijod maktabida “San’at” fanini o‘qitish, 185 ta ixtisoslashtirilgan maktabda shaxmat darslari, “Yosh akademiklar” klubi, akademiklar tomonidan mahorat darslari o‘tilishi yo‘lga qo‘yildi. STEM fanlarini ingliz tilida Kembrij ta’lim dasturlari hamda darsliklari asosida o‘qitish joriy etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan Zomin seminariga 45 nafar ijodkor o‘quvchining ishtiroki ta’minlandi. “Birinchi kitobim” loyihasi asosida 9 nafar iqtidorli o‘quvchining kitoblari nashr etildi.
Bundan tashqari Ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar uchun 7 nomda yangi avlod darslik majmualari ishlab chiqildi.
Shuningdek, o‘quvchilar qabuli bo‘yicha Murojaatlar markaziga 25 nafar operator, arizalar bilan ishlash uchun 80 nafar tahrirchi jalb etildi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA