Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident maktablari bitiruvchilari bilan uchrashuv
16:30 / 2021-06-21

Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablarni rivojlantirish agentligi tashabbusi va bir qator vazirlik, idora, tashkilotlar hamkorligida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasida Prezident maktablarining ilk bitiruvchilari bilan uchrashuv tashkil etildi.

Uchrashuvda respublikamizdagi 4 ta Prezident maktabining ilk bitiruvchilari ishtirok etishdi. Dastlab bitiruvchilar Davlat boshqaruv akademiyasi faoliyati bilan tanishdi. Akademiya rektori Adham Bekmurodov bilan suhbat tashkil etildi.

Shuningdek, bitiruvchilar dars jarayonida ishtirok etib, siyosiy bilimlarini oshirdi. Jumladan, «Davlat siyosati va boshqaruvining dolzarb masalalari: yoshlar – mamlakat taqdirini hal qiluvchi asosiy drayver» mavzusidagi ma’ruza, «Smart maqsadlar va ustuvorliklarni belgilash – muvaffaqiyat omili» nomli mini-trening hamda «Barkamol avlod tarbiyasida kitobxonlik madaniyatining o‘rni» mavzusida mahorat darslari tashkil etildi.

– Maktabda o‘qish davrida IELTS sertifikatiga ega bo‘ldim va dunyoning nomdor universitetlariga grantlarni qo‘lga kiritdim. Bizning maktab boshqa maktablardan ingliz tilini chuqur o‘rgatishi, bilim egallash uchun barcha sharoit yetarli ekanligi bilan farq qiladi. Shuningdek, qo‘shimcha til o‘rganish, sport to‘garaklari ham tashkil etilgan. Bugun akademiyada olgan mahorat darslari ham bizda katta taassurot qoldirdi va ko‘p narsalarni o‘rgandik, – deydi Namangan shahridagi Prezident maktabi bitiruvchisi Dilorom Xoshimjonova.

2021 yilda respublikamizdagi 4 hududdan 96 nafar o‘quvchi maktabni tamomlab, ulardan 88 nafari (82 foiz) o‘quv yili yakunlanmasdan xorijiy oliy o‘quv muassasalarida ta’lim olish imkoniyatini qo‘lga kiritishgan.

– Agentlik tomonidan Prezident maktablari bitiruvchilari keyingi hayotida o‘zlariga kerakli bo‘lgan oliygohni tanlashi, ularni kasbga yo‘naltirishga doir bir qancha loyihalar ishlab chiqilgan. Loyiha doirasida turli xil davlat tashkilotlari, boshqaruv organlari faoliyati bilan tanishtiriladi, mahorat darslari o‘tiladi. Shularning dastlabkisi Davlat boshqaruv akademiyasida bo‘lib o‘tmoqda. Bunday uchrashuvlar bitiruvchilarimizga juda ham kerak. Ular vatanparvar, ma’nan yetuk va davlat sohalarini yaqindan bilishi, kelajakda tanlamoqchi bo‘lgan sohalarini aniqlashda ijobiy natija beradi, – deydi Agentlik direktori Hilola Umarova.

 

Fayzullo Yahyoyev, O‘zA