Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident maktabiga tashrif
17:56 / 2021-10-29

Bugun yurtimizda yosh avlod kamoloti, ularning puxta bilim olishi, o‘z iqtidor va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarish uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Viloyatlar markazlarida Prezident maktablari tashkil etilishi ana shunday e’tibor namunasidir. Navoiy shahridagi eng so‘lim va gavjum joyda zamonaviy ko‘rinishga ega Prezident maktabi qad rostladi.

Mazkur nufuzli o‘quv dargohi o‘quvchilar puxta bilim olishi, bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, dam olishi va ovqatlanishi uchun o‘zining mustahkam bazasiga ega. Ayniqsa, maktab tashqi ko‘rinishi, manzarali daraxt ko‘chatlari va gullarga bezangan hovlisi, har bir qavatdagi o‘ziga xos betakrorlik inson qalbiga quvonch bag‘ishlaydi.

Navoiy kon-metallurgiya kombinati va Navoiy davlat konchilik instituti bir guruh rahbar-mutaxassislari, o‘qituvchi-professorlar Prezident maktabi faoliyati va o‘quvchilarga yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.

Prezident maktabi direktori D.Tuxfatullina maktabga xorij va mamlakatimizning turli hududlaridan salohiyatli o‘qituvchilar ishga taklif etilgani, tanlov asosida ilmga chanqoq o‘quvchi-yoshlar qabul qilingani va ayni paytda mashg‘ulotlar boshlab yuborilgani yosh avlodga bugungi e’tibor kelajakda albatta, o‘zining ijobiy mevasini berishini mamnuniyat bilan ta’kidladi.

Maktab yuqori sinf o‘quvchilari bilan o‘tgan muloqotda NKMK Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘yicha direktor X.Raupov, NKMK yoshlar yetakchilari Kengashi raisi S.Radjabov, Navoiy davlat konchilik instituti yosh olimlar – texnika fanlari doktori Sh.Aliqulov va texnika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) O.Fuzaylovlar ishtirok etib, mamlakatimizda yoshlarga yaratilayotgan keng imkoniyatlar, Navoiy kon-metallurgiya kombinatida keyingi yillarda amalga oshirilgan investitsiya loyihalari, yangi texnologiyalarning joriy etilayotganligi, ishga tushirilgan zavodlar hamda kelgusidagi rejalar, yosh olimlarning ilmiy ishlari to‘g‘risida ma’lumot berdi. Muloqot qizg‘in savol-javoblarga boy bo‘ldi.

Suhbat yakunida shunday nufuzli maktabda ta’lim olish baxtiga erishgan yoshlar keng sharoitlarni yaratib berayotgan Yurtboshimizga o‘z minnatdorchiliklarini bildirib, Prezident maktabi o‘quvchisi, degan sharafli nomga munosib bo‘lishga va’da berdi.

 

NKMK Matbuot markazi

O‘zA