Namangan viloyatining Davlatobod tumani “Yuksalish” massividagi Bilim va malakalarni baholash agentligi qoshidagi test sinovlari markazi hamda Namangan shahridagi “Barkamol avlod” sport majmuasida ajratilgan maxsus yopiq zal binosida Prezident maktabiga kirish imtihonlarining birinchi bosqichi boshlandi.
Har ikki majmuada tashkil etilgan imtihonlarga puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Ichki ishlar organlari xodimlari jamoat tartibini saqlashga mas’ul bo‘lishsa, viloyatdagi ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalarining 250 dan ziyod muallimlari imtihonlarga kuzatuvchi sifatida biriktirilgan.
Prezident maktabining 5-sinfi uchun mavjud 24 ta kvota uchun 5 ming 388 nafar o‘quvchidan hujjatlar qabul qilindi. Nufuzli ta’lim maskaniga 2023-2024 o‘quv yili uchun qabul joriy yilning 10 iyunidan 10 iyuliga qadar onlayn shaklda ariza.piima.uz sayti orqali amalga oshirildi.
O‘quvchilar imtixonlar o‘tkazilayotgan har ikki binodagi jami 76 ta guruhda test sinovlarini topshirdi. Imtihon savollari dunyoga mashhur Kembrij universitetining “Cambridge assessment international education” brendi ostida faoliyat yurituvchi imtihon kengashi tomonidan tayyorlangan bo‘lib, birinchi bosqichda o‘quvchilar belgilangan 60 daqiqa davomida matematika fanidan 30 ta topshiriqdan iborat test savollarini ishladi. Ilk bosqichdan o‘tgan 480 nafar da’vogar keyingi bosqichda matematika fanidan 40 ta masala, ingliz tilidan 40 ta test savollariga javob topishlari lozim.
– Najot – ta’limda, najot – ilmda! Bu bejiz aytilmagan. Farzandlarimni ziyoli qilib tarbiyaladim, endi navbat nabiralarga. Nabiram Ollohberdi Mirzamahmudov Yangiqo‘rg‘on tumanidagi 23-sonli umumta’lim maktabini 4-sinfini a’lo baholarga tamomladi, – deydi mehnat faxriysi Munisxon Yusufjonova. – Matematika, mantiq va ingliz tili bo‘yicha puxta tayyorgarlik ko‘rdi. Prezident maktabiga qabul qilinsa, bundan bag‘oyat baxtiyor bo‘laman.
Imtihon jarayonlari Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi huzuridagi Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi mutaxassislari tomonidan kuzatib borilmoqda.
– Zamonaviy o‘quv dargohimiz Respublikada birinchilardan bo‘lib, 2019 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilib, dastlabki o‘quv yilida 100 nafar o‘quvchi qabul qilingan edi, – deydi maktabi direktori Shuhratjon Aziboyev. – Yakunlangan o‘quv yilida maktabni tamomlagan 24 nafar o‘g‘il-qizning barchasi davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan oliy o‘quv yurtlariga imtiyozli ravishda davlat granti asolsida qabul qilindi. Darvoqe, mamlakatimizdagi xalqaro oliygohlarda o‘qish istagidagi bitiruvchilarimizga esa kontrakt pullari davlat hisobidan qoplab beriladi.
Eslatib o‘tamiz, Prezident maktabiga kirish imtihonlarining ikkinchi bosqichi joriy yilning 31 iyul kuni bo‘lib o‘tadi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA