Mamlakatimizda ta’lim tizimini rivojlantirish, yosh avlodning puxta bilim olishi, kasb-hunar o‘rganishi, o‘z iste’dod va salohiyatlarini to‘laqonli yuzaga chiqarishi borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Ayniqsa, yoshlarning bilim olishi, xorijiy tillarni o‘rganishi, malakali mutaxassis bo‘lib yetishishiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bugungi kunga kelib, mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini oshirishda yurtimizdagi muvaffaqiyatli loyihalardan biri – Prezident maktablarining faoliyati ham alohida o‘rin tutmoqda. Buni Andijon shahridagi Prezident maktabi faoliyati misolida ham yaqqol ko‘rish mumkin.
Ayni kunda Andijon shahridagi Prezident maktabida 168 nafar o‘quvchi tahsil olmoqda. O‘quv jarayonlari “STEAM” ta’lim dasturi asosida ingliz tilida olib borilmoqda.
– Maktabimizda matematika, fizika, kimyo, biologiya, axborot texnologiyalari hamda xorijiy tillar ilg‘or ta’lim uslublari asosida chuqur o‘rgatiladi, – deydi Andijon shahridagi Prezident maktabi direktori Sardorbek Risliqboyev. – Bu orqali o‘quvchilarda kreativ fikrlash, tirishqoqlik, izlanuvchanlik kabi muhim jihatlar yanada rivojlantirilmoqda. Shuningdek, ta’lim dargohimiz 2023 yilda Xalqaro Cambridge tashkilotining akkreditatsiyasidan muvaffaqiyatli o‘tib, rasmiy “A-Level” imtihon markaziga aylandi. 2024 yilda esa SAT (Scholastic Assessment Test) – akademik baholash bo‘yicha dunyodagi eng nufuzli test tizimini o‘tkazadigan rasmiy xalqaro markaz sifatida tan olindi.
Bundan tashqari, joriy yil aprel oyida maktabimiz CIS (Xalqaro maktablar kengashi) akkreditatsiyasidan o‘tib, tegishli sertifikatni qo‘lga kiritdi.
Maktabning Xalqaro maktablar kengashiga a’zo bo‘lishi ta’lim muassasasining xalqaro darajada tan olinganini bildiradi. Endilikda ushbu maktabda tahsil olayotgan o‘quvchilarning chet eldagi nufuzli universitetlarda o‘qish uchun grant yutish imkoniyatini yanada oshiradi.
Ta’lim sifatini oshirish, o‘qitishga xalqaro mezonlar, ilg‘or o‘qitish uslublarini joriy etish bo‘yicha olib borilayotgan samarali ishlar natijasida maktab o‘quvchilarining respublika, xalqaro miqyosdagi turli tanlovlar, fan olimpiadalarida erishayotgan yutuqlari salmog‘i yildan-yilga ortib bormoqda.
Masalan, 2024-2025 o‘quv yilida maktabni tamomlagan 24 nafar o‘quvchining barchasi xalqaro ingliz tili bo‘yicha IELTS imtihonidan eng yuqori – 7,0 - 8,0 ball natijaga erishdi. Shuningdek, 19 nafar bitiruvchi SAT xalqaro akademik testidan yuqori natija ko‘rsatdi.
Azizbek G‘anijonov, Og‘abek Ro‘ziqulov, Muslimbek Zaynobidinov, Javohir Qobuljonov, Biloliddin Ne’matov, Muhammadziyo Maripjonov, Temurmalik Xasanov singari o‘quvchilar Janubiy Koreya, Turkiya, Rossiya, Vengriya davlatlaridagi bir necha nufuzli universitetlarda o‘qish uchun yuz foizlik grantlarni yutib oldi.
Shirina To‘rayeva esa “Raqamli avlod qizlari – 2025” respublika tanlovi g‘olibi sifatida AQSHga sayohatga bordi. Sayohat davomida MIT, Garvard kabi universitetlarda yetakchi ekspert va professorlar ishtirokidagi davra suhbatlarida qatnashdi.
Andijon shahridagi Prezident maktabining bir guruh o‘quvchilari Turkiyaning Istanbul shahridagi Fatih Sulton Mehmet o‘rta maktabida “Imkonsizlik to‘siqlarini yengish” mavzusida o‘tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi. BMT shafeligida dunyoning 45 ta davlatidan 30 dan ortiq xalqaro maktablarning 200 nafardan ziyod o‘quvchisi qatnashgan mazkur konferensiyada maktab o‘quvchisi Bexruzbek Xoldarov “Eng yaxshi delegat” nominatsiyasida g‘olib bo‘ldi.
Xalqaro Informatika olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi safida ishtirok etgan maktab o‘quvchisi Dilyorbek Valijonov esa bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Andijon Prezident maktabi o‘quvchilari nafaqat bilim egallashda, balki turli ixtiro, innovatsion loyiha va startaplarni amaliyotga qo‘llash borasida ham salmoqli yutuqlarni qo‘lga kiritmoqda. Maktab o‘quvchilari tomonidan ishlab chiqilgan startap loyihalar, mobil ilovalar, dasturiy ta’minot va texnik ishlanmalar yoshlarning zamonaviy fikrlash tarzini namoyon etmoqda. O‘quvchilar “Digital Generation” (Raqamli avlod) loyihasi doirasida sun’iy intellekt, veb-dasturlash, mobil ilova yaratish kabi yo‘nalishlarda o‘z iqtidorlarni namoyon etmoqda.
Jumladan, maktabning 9-sinf o‘quvchisi Asilbek G‘ulomovning “Agrobot” loyihasi o‘ziga xosligi bilan ajralib turadi. Ya’ni “Agrobot” loyihasi – sun’iy intellekt asosida ishlab chiqilgan aqlli yordamchi bo‘lib, loyiha fermerlar, bog‘bonlar, umuman, turli ekinlar parvarishi bilan shug‘ullanuvchilarga mo‘ljallangan. Foydalanuvchi dasturga o‘simlikning rasmini yuklagach yoki muammoni matn ko‘rinishida kiritgach, dastur o‘simlik turini, uni parvarishlash bo‘yicha umumiy ma’lumotlarni va parvarish jarayonida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan ehtimoliy kasalliklar bo‘yicha aniq va batafsil ma’lumotlar beradi. Shuningdek, loyihada tizimda foydalanuvchiga tezkor maslahat beruvchi maxsus “chatbot-assistent” ham mavjud.
Maktab o‘quvchisi Ozodbek Toshpo‘latov “Hayotga qaytish imkoniyati” loyihasi doirasida yaratgan bionik (sun’iy) qo‘l qurilmasi yordamida qo‘lidan ayrilgan insonlarga oddiy harakatlarni – tutish, ushlash, harakatlantirish imkonini qaytarib beradi. Qurilma arzonligi, mahalliy sharoitda tayyorlash mumkinligi bilan ahamiyatlidir.
Shirina To‘rayeva rahbarligidagi NeuroFocus loyihasi – o‘qituvchi va o‘quvchilar uchun mo‘ljallangan zamonaviy raqamli ta’lim platformasi bo‘lib, unda konspektlar, testlar, DTMga tayyorgarlikka oid materiallar, dars rejalari, o‘yinli mashg‘ulot g‘oyalari hamda foydali videodarslar jamlangan. Platforma foydalanuvchilarga zarur ma’lumotlarga tez va qulay tarzda yetib borish imkonini yaratib, vaqtni tejash hamda ortiqcha ovoragarchiliklarning oldini oladi.
Bir so‘z bilan aytganda, maktab o‘quvchilari tomonidan yuqoridagi kabi ko‘plab yutuqlar qo‘lga kiritilmoqda.
Andijon shahridagi Prezident maktabida ta’lim jarayonlarining zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etilishi, o‘quvchilarning yuqori natijalarni qo‘lga kiritishida maktab pedagogika jamoasining xizmatlari katta. Ayni kunda ushbu ta’lim maskanida 30 nafar mahalliy va 10 nafar xorijdan taklif etilgan tajribali pedagoglar ish olib bormoqda. Ularning samarali faoliyati ham alohida e’tirofga munosib.
Joriy yilda maktabning tarix fani o‘qituvchisi Nodirbek Olimov etnografiya, etnologiya va antropologiya ixtisosligi bo‘yicha dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilib, tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini oldi. Shuningdek, ona tili va adabiyoti fani o‘qituvchisi Shaxnoza Azimjonova “Adabiyotshunoslikda tarixiy jarayon va ijodkor portreti muammolari” mavzusidagi dissertatsiyasini himoya qilgan holda, filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga sazovor bo‘ldi.
Maktabning kompyuter ta’limi fani o‘qituvchisi Ulug‘bek Abidov Kembrij xalqaro ta’lim dasturlari asosida dars beriladigan fanlarni o‘qitish bo‘yicha maxsus kurslarni muvaffaqiyatli tugatib, tegishli sertifikatlarga ega bo‘lgan mamlakatimizdagi sanoqli pedagoglardan biridir. Uning o‘quvchilari respublika va xalqaro fan olimpiadalarida yuqori natijalarni qayd etmoqda.
Maktabning kimyo fani o‘qituvchisi A’zamjon Abduhakimov ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarning matematika va kimyo fani o‘qituvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan “Lider o‘qituvchilar” olimpiadasining hududiy va respublika bosqichlarida sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. U dars berayotgan o‘quvchilari ham kimyo fanidan ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Xususan, 10-sinf o‘quvchisi Azizbek G‘anijonov “Future Intellegence Students Olympiad – FISO” olimpiadasida, 9-sinf o‘quvchisi Abdulloh No‘’monov esa mazkur olimpiadada “Gold” natijani qo‘lga kiritib, Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida o‘tkaziladigan final bosqichida qatnashish yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi.
[gallery-25373]
Maktabning xorijdan taklif etilgan yosh va mahoratli pedagoglaridan biri, kanadalik kimyo fani o‘qituvchisi Marsden Abbe Nikole esa samarali faoliyati uchun Prezidentimiz farmoni bilan “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.
Muxtasar aytganda, maktabning pedagogik jamoasi, o‘quvchilari erishayotgan yutuq va muvaffaqiyatlar mamlakatimizda ta’lim tizimiga qaratilayotgan e’tibor, Prezident maktablarida yaratilgan keng imkoniyatlarning amaliy samarasidir. Jamoaning asosiy maqsadi yanada yuqori natijalarga erishish, mamlakatimiz rivojiga munosib hissa qo‘shadigan yoshlarni kamolga yetkazishdir.
Faxriddin Ubaydullayev,
Zuxriddin Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari