Termiz shahridagi Prezident maktabi o‘quvchilari uchun Mudofaa vazirligining Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘i, polkovnik Po‘latjon Sativaldiyev “Jasorat” darsi o‘tdi.
Unda Surxondaryo viloyati mudofaa ishlari boshqarmasi harbiy xizmatchilari, faxriylar kengashi a’zolari hamda o‘quvchilar ishtirok etdi.
Janubiy operativ qo‘mondonligi boshlig‘ining o‘rinbosari, polkovnik Alisher Shirinov keyingi yillarda Qurolli Kuchlarimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, buyuk ajdodlarimiz va sarkardalarimizning jasorati haqida ma’lumot berdi.
“Jasorat” darsida polkovnik Po‘latjon Sativaldiyev bolalik, yoshlik yillari, orzu-umid va intilishlari, harbiy hayoti, erishgan yutuqlari to‘g‘risida atroflicha so‘z yuritdi. Vatan himoyachilarining sharafli hayot yo‘li, har bir inson uchun kindik qoni to‘kilgan tuproqning muqaddasligi hususida fikr almashdi. Matematika, fizika, chet tili, tarix fanlari bo‘yicha o‘quvchilarning bilimlari bilan qiziqdi.
–Prezident maktabi orzularimni yanada qanot yozdirdi,– deydi 11 sinf o‘quvchisi Firdavs Shodiyev.– Maktabda o‘qigan kezlarimda viloyatimizdagi universitetlardan biriga o‘qishga kirsam, derdim. Hozir esa maqsadim chet elning nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan birida o‘qib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shish yo‘lida o‘qib, izlanayapman. Shu maqsadda boshqa fanlar qatorida ingliz tilini ham puxta o‘rganayapman.
Tadbirda eng faol o‘quvchilar munosib taqdirlandi. Maktab kutubxonasiga mamlakatimizda yangi chop etilgan kitoblar jamlanmalari sovg‘a qilindi.
“Jasorat” darsi Termiz garnizoni harbiy orkestrining Vatan, tinchlik, farovonlik va do‘stlikni madh etuvchi kuy-qo‘shiqlari hamda Xayrabod garnizoni faxriy qorovul shaxsiy tarkibining sahna ko‘rinishlari bilan yakunlandi.
Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA