French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident kubogi kimga nasib etdi?
18:28 / 2019-07-26

Namanganda qoʻl jangi boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi” xalqaro turniri boʻlib oʻtdi.


Namanganda qoʻl jangi boʻyicha “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi” xalqaro turniri boʻlib oʻtdi.

Musobaqalarda Oʻzbekiston, Rossiya, Germaniya, Belarus, Kuba, Qozogʻiston, Tojikiston davlatlari sportchilari qatnashdi.

“Navbahor” markaziy oʻyingohida xalqaro turnirning ochilishiga bagʻishlangan tantanali tadbirda mamlakatimizda sportga qaratilayotgan katta eʼtibor samarasi oʻlaroq, sportning koʻplab turlari rivojlanayotgani eʼtirof etildi. Ayniqsa, Namangan viloyati qator nufuzli xalqaro sport musobaqalariga mezbonlik qilib kelayotgani namanganliklarga gʻurur-iftixor bagʻishlash barobarida, sportsevar yoshlarga qanot boʻlayotgani taʼkidlandi.

Qoʻl jangi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti kubogi uchun chempionlar ligasi xalqaro musobaqasining Namanganda oʻtkazilishi bejiz emas. Sportning mazkur turini rivojlantirish borasida viloyatda eʼtiborga molik natijalarga erishilmoqda. Viloyat qoʻl jangi federatsiyasi tasarrufidagi 40 dan ortiq seksiya va boʻlimlarda 1000 nafardan ziyod oʻgʻil-qiz malakali murabbiylar yordamida qoʻl jangi mahoratini oʻzlashtirmoqda. Namanganlik yoshlar turli xalqaro musobaqalarda muvaffaqiyatli ishtirok etmoqda.

2018-yilda ilk bor viloyatimizda tashkil etilgan Xalqaro chempionlar ligasida Alisher Joʻraxonovning 1-oʻrin egallagani, joriy yilda Rossiyada boʻlib oʻtgan Jahon chempionati musobaqasida ishtirok etgan Chust tumani bolalar oʻsmirlar sport maktabi tarbiyalanuvchisi Zarina Olimjonovaning bronza medalini qoʻlga kiritgani fikrimizning dalilidir.

Sport muxlislari 55, 60, 75, 80, 85, 90 kilogramm vazn toifasida bir-biridan qizgʻin va murosasiz kechgan 6 ta jangni tomosha qilib qoʻl jangi sporti ustalarining mahorat va matonatiga guvoh boʻldi. 

Musobaqada 55 kilogramm vazn toifasida J.Madixiyanov (Qozogʻiston) – I.Ramazonov (Oʻzbekiston), 60 kg. vazn toifasida Yu.Ilkevich (Belarus) – Sh.Rahimova (Oʻzbekiston), Sh.Mamanazarov (Tojikiston) – Sh.Nazaraliyev (Oʻzbekiston), 75 kg. vazn toifasida M.Pushachev (Belarus) – J.Jumayev (Oʻzbekiston), 80 kg. vazn toifasida K.Tarik (Germaniya) – J.Solijonov, 85 kg. vazn toifasida V.Pikaro (Kuba) – J.Rahmonaliyev, 90 kg. vazn toifasida A.Soldatkin (Rossiya) – I.Komilov (Oʻzbekiston) oʻzaro kuch sinashdi.

Yakuniy natijalarga koʻra Oʻzbekiston terma jamoasi 6:1 hisobida gʻolib chiqib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Kubogi sovrindori boʻldi.

Respublika Ichki ishlar vazirligi viloyat tezkor vazifalarni bajaruvchi safarbarlik otryadining koʻrgazmali chiqishi, taniqli sanʼatkor va yosh isteʼdodlarning konsert dasturi turnirning ochilish marosimi ishtirokchilariga yanada koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Turnir ochilish marosimida viloyat hokimi X.Bozorov, Xalqaro Qoʻl jangi federatsiyasi prezidenti S.Astaxov, Oʻzbekiston Respublikasi Qoʻl jangi federatsiyasi raisi oʻrinbosari B.Soatov soʻzga chiqdi.