Milliy matbuot markazida bugun, 3 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmatining navbatdagi brifingi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari – Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘tgan hafta davlatimiz rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan hamda joriy hafta kutilayotgan rasmiy tadbirlar haqida ommaviy axborot vositalari vakillariga ma’lumot berdi.
Avval xabar qilinganidek, davlatimiz rahbari 30 aprel kuni YeXHTning Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi direktori Matteo Mekachchi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Shuningdek, o‘sha kuni hududlarda mahalliy sanoatni rivojlantirish chora-tadbirlari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Juma kuni mamlakatimizdagi insonparvarlik siyosatining namunasi, muborak Ramazon oyidagi xayrli ishlarning davomi sifatida «Mehr-5» operatsiyasi amalga oshirilib, yurtimizga Yaqin Sharqdan 93 ayol va ularning bolalari olib kelindi. Shu tariqa, shu paytgacha o‘tkazilgan 5 ta operatsiya natijasida 435 nafar vatandoshimiz Yaqin Sharq va Afg‘onistondagi qurolli to‘qnashuvlar o‘choqlaridan qaytarildi.
– Kimdir biladi, kimdir bilmas, lekin bu juda mashaqqatli, qaltis jarayon. Buning zamirida Prezidentimizning qat’iyati, diplomatik vakolatxonalar, xavfsizlik tuzilmalari, tibbiyot xodimlarining fidoyiligi va yuksak professionalligi turibdi. Qaytarilgan yurtdoshlarimizni reabilitatsiya qilish, tibbiy-psixologik yordam ko‘rsatish, moddiy ko‘maklashish bo‘yicha ham katta ishlar qilinmoqda, – dedi Sherzod Asadov.
Brifingda Prezident ishtirokida shanba kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanida 104 gektarlik bog‘ barpo etishga kirishilgani, unga “Yangi O‘zbekiston” bog‘i deb nom berilgani haqida ham qayd etildi.
Tadbirda joriy hafta kutilayotgan muhim tadbirlarning qisqacha anonsi jurnalistlarga yetkazildi. Ta’kidlanishicha, bu hafta korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari bo‘yicha videoselektor o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
– Videoselektorda davlat organlari, hokimlarning hisobotlari eshitiladi. Oxirgi vaqtlarda kuzatilayotgan voqealarni, fosh bo‘layotgan korrupsion holatlarni eshityapsizlar. Bu haqda avvalgi selektorlarda ham aytildi. Prezidentimiz “Andisha qilish davri tugadi. Hamma birdek – qonun ustuvor, jazo muqarrar”, dedi. Bu masala doimiy nazoratda va yaqin orada alohida selektor tashkil etilayotgani korrupsiyaga qarshi kurashish murosasiz tus olayotganini bildiradi, – dedi Prezident matbuot kotibi.
Shuningdek, hafta davomida chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish, Tokio Olimpiadasiga sportchilarimizni tayyorlash masalalari bo‘yicha yig‘ilishlar bo‘lishi kutilmoqda. Qishloq xo‘jaligi texnikasi korxonalarini transformatsiya qilish bo‘yicha taqdimotlar ham mo‘ljallangan.