Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident ishonchini oqlash – hayotimdagi ulkan mas’uliyat
16:59 / 2025-09-22

Yoshlar mamlakatimiz kelajagini belgilovchi asosiy kuch. Buni mamlakatimiz rahbari ko‘p bora ta’kidlaydi.

Ayniqsa, davlat bildirgan ishonchni his qilish va bunga munosib bo‘lish har bir yoshning katta orzusidir. Shu ma’noda, Prezidentimizning yaqinda Namangan viloyatiga amalga oshirgan tashrifi orzularimga ishonch qo‘shgan unutilmas kun sifatida muhrlandi. Viloyat faollari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda yoshlar vakili sifatida Prezidentimizga o‘z fikrlarimni bildirish imkoniga ega bo‘ldim. 

Yurtboshimiz mening Namanganda xalqaro “Gullar festivali” kunlarida “Kitobxonlar forumi”ni o‘tkazish haqida bildirgan taklifimni mamnuniyat bilan qo‘llab-quvvatlagani hamda muddatidan avval, Abdulla Avloniy nomidagi davlat stipendiyasiga munosib ko‘rgani bu faqat mening emas, butun ta’lim, kitobsevar yoshlar uchun katta ishonchdir. Ushbu stipendiya nafaqat moddiy rag‘bat, balki ma’naviy qanot bo‘ladi va shu bilan birga bilimli, ma’naviyatli, insoniy fazilatlari yuqori bo‘lgan haqiqiy muallim bo‘lishimni talab qiladi. 

Prezidentimizning mehri va e’tibori menga yangi kuch bag‘ishladi. Endi har kunimni faqat izlanish, bilim olish, o‘qituvchilik sirlarini puxta egallashga bag‘ishlayman. Zero, ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy aytganidek, “Tarbiyasiz millat halokatga uchraydi”. “Kitob – ma’rifat chirog‘i” degan hayotiy haqiqat bilan yashayman. Shu bois kelgusida ham kitobxonlik madaniyatini rivojlantirish, uni keng targ‘ib qilish yo‘lida butun borlig‘im bilan xizmat qilishga bel bog‘layman. 

Kelgusidagi rejalarim pedagogika sohasi bilan bevosita bog‘liq. Namangan davlat pedagogika institutida o‘zim tahsil olayotgan yo‘nalish – “Milliy g‘oya, ma’naviyat asoslari va huquq ta’limi” bo‘yicha ilmiy izlanishlarni davom ettirishni astoydil niyat qilganman. Ayniqsa, yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy tarbiyasi, huquqiy ongini rivojlantirish, ularning yetakchilik qobiliyatini shakllantirish masalalari ilmiy qiziqishim markazida turadi. Kelgusida esa, o‘zim bilim olayotgan oliy ta’lim muassasasida kelajak pedagoglarga saboq berish. Shu orqali nafaqat o‘z ustozlarimning yo‘lini davom ettirish, balki kelajak avlodning barkamol bo‘lishiga o‘z hissamni qo‘shish niyatidaman.

Begoyim Vorisova, 

Namangan davlat pedagogika instituti ikkinchi bosqich talabasi. 

O‘zA.