Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumani yilning o‘n ikki oyida ham juda so‘lim va maftunkor. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mazkur tumanda tashkil etilgan “Renessans” oromgohi ta’limga oid eng ilg‘or va innovatsion loyihalar, qiziqarli anjumanlar, forumlar, pedagog va o‘quvchi-yoshlarning bilimlari, salohiyatini yuksaltirishga qaratilgan ma’rifiy tadbirlarga mezbonlik qilmoqda. Shu orqali mamlakatimiz yoshlarining yangi orzu-intilishlariga qanot, o‘ziga xos rag‘bat bag‘ishlamoqda.
Ayni kunlarda “Prezident iqtidorli farzandlari” Milliy dasturining ilk bosqichi muvaffaqiyatli boshlangan mazkur “Renessans” oromgohi chin ma’noda do‘stlik, izlanish, ma’rifat, beg‘ubor maqsadlar sari dadil intilish maskaniga aylandi.
Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tomonidan mamlakatimiz ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun “Prezident iqtidorli farzandlari” Milliy dasturining dastlabki bosqichi bilan tanishtiruv yuzasidan press-tur tashkil etildi.
Shunisi e’tiborga loyiqki, “Prezident iqtidorli farzandlari” Milliy dasturi iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashning amaldagi va real, istiqbolli, ham innovatsion mexanizmi ekani bilan diqqatga sazovor.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan 2025 yil 15 may kuni qabul qilingan «Prezident iqtidorli farzandlari» tashabbusini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi farmon iqtidorli yoshlarni barvaqt aniqlash va ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash orqali mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish, yoshlar bilan manzilli ishlash vositasida global mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lgan mutaxassislar tayyorlash hamda mamlakat taraqqiyoti uchun yangi innovatsion imkoniyatlar yaratishdek maqsadlarni ko‘zlaydi. Ayni paytda mazkur hujjat iqtidorli yoshlarni yagona platformaga birlashtirish orqali ularning o‘zaro hamkorligi, tajriba almashinuvi va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish uchun samarali muhit yaratishda alohida ahamiyat kasb etadi.
“Prezident iqtidorli farzandlari” Milliy dasturida ishtirok etish uchun mamlakatimiz umumta’lim maktablarining 28 ming nafar talabgor 9-sinf bitiruvchilari orasidan 1 ming 500 eng qobiliyati o‘g‘il-qizlar maxsus test-sinovlari orqali saralab olingan edi. Ular uchun eng zamonaviy fanlar bo‘yicha o‘quv yili davomida maxsus intensiv o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etilgani yurtimiz yoshlariga ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikning yana bir amaliy namunasidir.
Hozirda ana shu o‘quvchi-yoshlarning bir qismi uchun “Renessans” oromgohida o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Bu mashg‘ulotlar buxgalteriya hisobi, biznes asoslari va zamonaviy yondashuv fanlari bo‘yicha 45 daqiqalik darslardan iborat. Haftasiga jami 30 soatlik ta’lim jarayonida xorijiy hamda yurtimizning eng ilg‘or pedagoglari o‘quvchilarga dars bermoqda.
Ushu o‘quv dasturlari Cambridge Assessment International Education yondashuvlari asosida ingliz tilida o‘qitilmoqda. Ta’lim muassasalari agentligi bo‘lim boshlig‘i Jamshid Yusupovning fikricha, tanlangan fanlar maktab bitiruvchisini zamonaviy iqtisodiyot va jamiyat talab etadigan ko‘nikmalar bilan ta’minlashga qaratilgan.

Jumladan, “Buxgalteriya hisobi” fani (Accounting) – moliyaviy savodxonlik, hisobotlarni o‘qish, tahlil etish va qaror qabul qilish ko‘nikmalarini shakllantiradi. Shu orqali o‘quvchilarda tanqidiy fikrlash va muammolarni yechish salohiyati yuzaga keltiriladi.
“Biznes asoslari” fani (Business) – bozor mantig‘i, boshqaruv va tadbirkorlikka oid asosiy tushunchalarni beradi. O‘quvchida tanqidiy fikrlash va amaliy masalalarni hal etish qobiliyatini rivojlantiradi. “Zamonaviy yondashuv” fani (Global Perspectives) – keng dunyoqarash, mustaqil o‘rganish, dalillarga asoslangan fikrlarni bildirish va o‘z nuqtai nazarini himoya qila olish ko‘nikmasini rivojlantiradi.
Bu fanlar Milliy dastur ishtirokchilarining shahodatnomalarida ham kiritilishi belgilangan. Kurs yakunida o‘quvchilar mazkur yo‘nalishlar bo‘yicha imtihon topshiradilar. Ularning natijalari esa davlat namunasi asosida belgilangan rasmiy shahodatnomalarda aks etadi. Dastur doirasida har bir o‘quvchiga maktab maslahatchisi biriktirilgan bo‘lib, ular ikki yil davomida yoshlarning portfoliolarini shakllantirish, xalqaro imtihonlarga tayyorlash va motivatsion yo‘nalishda yordam beradilar.
Milliy dasturda qatnashayotgan o‘quvchilarga Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning ustoz-pedagoglari biriktirilgani e’tiborga molikdir. Bu maslahatchilar o‘quvchilarga oliy ta’limga kirish uchun zarur bo‘ladigan bilim va ko‘nikmalarni rivojlantirishda va portfolioni kuchaytirishda yordamlashadilar.

Shuni ham aytish kerakki, bugungi kunda dunyoning eng yetakchi oliy o‘quv dargohlarida yoshlarning portfoliosiga katta e’tibor qaratiladi. Ya’ni universitetga kirish istagidagi yigit yoki qiz qanday loyiha qilgan, yoshlarning yetakchilik salohiyati, jamiyatga, ijtimoiy hayotga keltirgan foydasi kabi real faoliyatiga asosiy e’tibor qaratiladi. “Prezident iqtidorli farzandlari” Milliy dasturi o‘quvchilarga ana shu portfolioni shakllantirishga imkon yaratadi.
Ishtirokchilarga kerakli ko‘nikmalarni berish uchun Milliy dastur platformasi ishlab chiqiladi. Unda 100 ballik reyting tizimi yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, mazkur platformada xalqaro imtihon natijalari, fanlar bo‘yicha olimpiada yutuqlari, ijtimoiy loyihalar va sport –ijodiy faoliyat hisobga olinadi.
Oromgohda intensiv o‘quv darslari jarayonida dastur ishtirokchilari fanlarni katta qiziqish va bilimga chanqoqlik bilan, faol o‘zlashtirayotganlariga guvoh bo‘lish mumkin.
– Biz o‘tayotgan fanlar yangi, lekin juda qiziqarli fanlar ekan, – dedi Buxoro viloyatining G‘ijduvon tumanidagi 11-maktabning 10-sinf o‘quvchisi Feruza Tursuntosheva. – Masalan, “Biznes asoslari” fanidan biznesni rivojlantirish, tadbirkorlik rejasini tuzish, kreditlarga oid qiziqarli ma’lumotlarga ega bo‘ldik. Ayni paytda ustozlarimizning juda samimiy munosabati ma’lumotlarni tez va oson o‘zlashtirishda bizga ko‘mak bo‘lmoqda.
– Yurtimizning minglab yoshlari orzu qilgan dasturida ishtirok etish bizlarga nasib etdi, – dedi Xorazm viloyati Gurlan tumanidagi 32-umumta’lim maktabining 10-sinf o‘quvchisi Javohir Yusupbayev. – Darslar juda qiziqarli tarzda o‘tyapti. Kelgusida jahonning nufuzli universitetlarida o‘qib, yurtim rivojiga hissa qo‘shishni orzu qilaman.
Press-tur davomida media soha vakillari “Renessans” oromgohida o‘quvchi-yoshlarning bilim olishi, darsdan tashqari bo‘sh vaqtlarini mazmunli o‘tkazishi, sport bilan shug‘ullanishi, yashashiga oid sharoitlar bilan batafsil tanishdi.
Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri