Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning yangi tizimi joriy etiladi
16:51 / 2021-02-11

Ma’lumki, amalga oshirilayotgan islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan, qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar ijrosining sifatiga bog‘liq.

 Shu jihatdan, Prezidentning farmon va qarorlari, topshiriqlarini o‘z vaqtida ijro etish orqali yuqori yuridik kuchga ega bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlardagi qoidalarning ro‘yobga chiqarilishi ta’minlanadi.

Shuningdek, davlat rahbari tomonidan qabul qilinadigan hujjatlarda davlat va jamiyatning eng muhim masalalari qamrab olinib, tegishli sohalardagi muammolarga aniq yechimlar berilishi hisobga olinsa, ushbu tusdagi normativ-huquqiy hujjatlarni ijro etishning ahamiyati yanada oshadi.

Tan olish kerak, oxirgi paytda qonun hujjatlari ijrosini nazorat qilish ko‘proq rasmiy xarakterga aylanib qolgan edi. Ya’ni, bunda asosiy urg‘u qarorlarni bajarilishi ustidan nazorat qilishga qaratilgan edi.

Shuni hisobga olgan holda davlatimiz rahbari tomonidan Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomada Prezident hujjatlari va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning yangi tizimi taklif etildi. Ushbu takliflar yaqinda qabul qilingan «2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida»gi Farmonda o‘z aksini topdi. Unga ko‘ra quyidagi yangi tartiblar joriy etilmoqda:

Birinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlarini o‘z muddatida bajarmaslik yoki sifatsiz ijro etish holatlari bo‘yicha mansabdor shaxslarning mas’uliyati oshiriladi;

Ikkinchidan, Prezidentning hujjatlari va topshiriqlarini mas’ullarga yetkazish, tushuntirish, amaliyotda qo‘llashga ko‘maklashish va hokimiyatlar bo‘linishi tamoyiliga qat’iy rioya qilingan holda nazorat qilish bo‘yicha Adliya vaziriligi vakolatlari kengaytiriladi;

Uchinchidan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining hujjatlari va topshiriqlari ijrosini tashkil etishda jamoatchilik ishtiroki va nazoratini keng yo‘lga qo‘yish maqsadida “jamoatchilik eshituvlari” va “jamoatchilik monitoringi” tizimlari joriy etiladi;

To‘rtinchidan, tahlillar asosida tegishli davlat idoralarining ijroga xalaqit berayotgan ortiqcha vazifa va funksiyalari qisqartiriladi;

Beshinchidan, ommaviy axborot vositalarida xalqqa islohotlar mohiyati va natijalarini yetkazib borishga qaratilgan «Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda» mavzusida ko‘rsatuv va chiqishlar tashkil etish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;

Oltinchidan, tegishli davlat organlaridagi ijro sifati va holatini viloyat, tuman va shahar xalq deputatlari Kengashlarida, respublika darajasida esa – Vazirlar Mahkamasida har oyda tanqidiy muhokama qilib borish amaliyoti joriy etiladi.

Ta’kidlash joizki, har bir vazirlik va idora davlat rahbarining hujjatlarida berilgan topshiriqlarni vijdonan, to‘liq, sifatli va o‘z vaqtida bajarishi lozim. Har bir rahbar bunga shaxsan mas’ul ekanligi hech kimga sir emas. Endilikda, biron-bir vazirlik yoxud idora tomonidan topshiriqni bajarmaslik holatiga nisbatan qat’iy chora ko‘rish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Bu masala shaxsan davlat rahbarining nazorat ostida amalga oshiriladi.

Ushbu jarayonda «jamoatchilik eshituvlari» va «jamoatchilik monitoringi» institutlaridan keng foydalaniladi. Ya’ni ijrosi bajarilmagan topshiriqlar bo‘yicha ma’lumot fuqarolar tomonidan xabar berish tizimi yaratiladi.

Yuqorida aytib o‘tilgan jarayonlar barcha ommaviy axborot vositalari, jumladan televideniye orqali «Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda» dasturlari yordamida yoritiladi.

Umumiy qilib aytganda, davlat rahbarining har bir hujjatlari va topshiriqlari bajarilishini nazorat qilishning o‘ziga xos mexanizmi yaratilmoqda. Ushbu mexanizmning amalda o‘zini oqlashi va kutilgan natijaga erishish uchun Davlat dasturining mazkur tizim nazarda tutilgan bandiga mas’ul bo‘lgan davlat organlari o‘z vaqtida tegishli normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilishlari va uning ijrosini ta’minlashlari kerak bo‘ladi.

 

Rustambek Sayidov,

Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik

muammolari va parlament tadqiqotlari

instituti bosh ilmiy xodimi