Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident hujjatlari va topshiriqlari ijrosi qanday ta’minlanmoqda?
16:59 / 2021-08-10

Farmon va ijro

Davlatimiz rahbarining 2021 yil 10 fevraldagi “Qonunchilik hujjatlari ijrosini samarali tashkil etishda davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari rahbarlarining shaxsiy javobgarligini kuchaytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni asosida Prezident hujjatlari va topshiriqlari ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanishi uchun Adliya vazirligi tizimli ishlarni amalga oshirmoqda.

Adliya vazirligi tomonidan Milliy matbuot markazida tashkil etilgan matbuot anjumanda shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.  

Adliya vazirligi mas’ul xodimlari farmonning mazmun-mohiyati yuzasidan davlat organlari va aholi o‘rtasida keng tushuntirish ishlari olib borilayotganini qayd etdi. 

Xususan, Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda ijro intizomini mustahkamlash bo‘yicha vazirliklar, idoralar va xo‘jalik birlashmalarida, shuningdek, barcha hududlarda hokimliklar, davlat organlari hududiy bo‘linmalari mas’ul rahbar va xodimlari uchun topshiriqlar ijrosini “viloyat – tuman – mahalla” tizimi asosida tashkil etish borasida amaliy seminarlar o‘tkazildi. Ularda 15 mingga yaqin rahbar va mutaxassis xodim ishtirok etdi.

Vazirlik, idoralar va barcha darajadagi hokimliklarning sohaga mas’ul rahbarlari stajirovkasi tashkil etildi. Jumladan, 42 davlat boshqaruvi organi va 128 tuman va shahar hokimliklarining 186 nafar rahbar va mutaxassislari Vazirlar Mahkamasining tarkibiy bo‘linmalarida stajirovka o‘tadi.

Adliya vazirligida haftaning payshanba va juma kunlari vazirliklar, idoralar hamda hokimliklarning ijro intizomiga mas’ul bo‘lgan xodimlariga topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha amaliy va uslubiy ko‘maklashish yo‘lga qo‘yildi.  

Mas’ul xodimlar tasdiqlangan jadvalga muvofiq haftaning bir kuni o‘zlari mutasaddilik qiladigan vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari hamda hokimliklarga borib topshiriqlar ijrosini ta’minlash bo‘yicha vertikal nazorat tizimini yo‘lga qo‘ydi. Ijro intizomini tashkil etishda uslubiy ko‘maklashish amaliyoti joriy etildi.

Adliya organining quyi tizimi orqali topshiriqlar ijrosini joyiga chiqib amalda nazorat qilish, o‘rta va quyi bo‘g‘inlarda ishlarni real holatini, muammolarning asl sabablarini o‘rganish va huquqiy-uslubiy ko‘maklashish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi.

Davlat organlari va tashkilotlarning qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosini ta’minlash borasidagi faoliyati “Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda” rukni ostida telekanallarda ko‘rsatuvlar va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar orqali keng jamoatchilikka yetkazilmoqda.

Farmatsevtika, jismoniy tarbiya va sport, aholi bandligini ta’minlash va jamoat ishlari jamg‘armasi mablag‘laridan samarali foydalanish, temir yo‘l sohalariga oid qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijrosi bo‘yicha teledasturlar tayyorlanib, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda chiqishlar qilindi.

“Yuksalish” umummilliy harakati va “Taraqqiyot strategiyasi” markazining platformalarida jamoatchilik eshituvlari o‘tkazilmoqda.

Jumladan, jamoatchilik eshituvlari bugungi kunga qadar Moliya vazirligi huzuridagi Byudjetdan tashqari pensiya jamg‘armasi, Energetika vazirligi hamda Farg‘ona viloyatidagi davlat organlari va tashkilotlari faoliyatida manzilli va tematik o‘rganishlar natijasi bo‘yicha o‘tkazildi.

Farmon ijrosini ta’minlashga qaratilgan bu kabi ishlar davom ettirilmoqda.  

N.Abduraimova, O‘zA