Shavkat Mirziyoyev: «Men ham avtobusda yurishni xohlayman».
* Toshkentda nechta chorraha bor, ularning qanchasi talabga javob bermaydi?
* 3 millionga yaqin aholida 1 million avtoulov...
* Jamoat transportiga yo‘llarda alohida yo‘lak qilish mumkinmi?
Ishga, o‘qishga yoki boshqa yumushlar bilan uydan ostona hatlab chiqar ekanmiz, transportni ko‘p kutmay manzilga yo‘l olsak, bizdan mamnun kishi bo‘lmaydi, to‘g‘rimi?
Lekin, afsuski, amalda bu jarayon bunday bir tekis emas. Soatlab transport kutib qolganidan asabiylashib yuradiganlar oramizda kam emas.
Odamlarning mana shu dardini bilgani uchun ham Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev «Men ham avtobusda yurishni xohlayman», degan fikrni aytdi. Buning zamirida esa jamoat transporti bilan bog‘liq muammolarga ishora bor. Tizim zamon talablari darajasida bo‘lsa-yu, unda faqat oddiy odamlar emas, mansabdorlar, hatto Prezident ham foydalansa, degan istak bor. Holbuki, hozirgi transport tizimi talabani ham qoniqtirmaydi.
Xo‘sh, Prezidentimiz avtobusda yuradigan kunlar qachon keladi? Jamoat transporti tizimi talabga javob berishi uchun nima qilish kerak?
Bu savollarga sohani chuqur tahlil qilib, mavjud muammolar yechimini ko‘rsatib bera oladigan olimlardan javob izlasak, to‘g‘riroq bo‘ladi. Shu maqsadda Toshkent davlat transport universiteti rektori, iqtisod fanlari doktori Odil Abdurahmonov bilan suhbatlashdik.
– O‘zbekistonda, xususan, poytaxtimizdagi jamoat transporti tizimi bo‘yicha bildirilayotgan tanqidiy fikrlar bejiz emas, – dedi Odil Abdurahmonov. – Tizimning talabga javob bermayotganiga uning o‘z holiga tashlab qo‘yilgani, yangi innovatsion g‘oyalar sohaga tatbiq etilmagani, qolaversa talab va takliflar o‘rganilmagani, tahlil etilmagani sabab bo‘lgan.
To‘g‘ri, tizimda avtobuslar yangilanib bordi. Lekin yo‘nalishlar bo‘yicha o‘rganishlar olib borish, aholi ehtiyojiga qarab marshrutlarni tashkil etish e’tibordan chetda qolgan. Aslida bularni o‘rganadigan, tahlil etadigan va yechim topib beradigan mutaxassislar borgan sari yo‘qolib ketdi. Shuni hisobga olib 2020 yilda Prezidentimiz farmoni asosida Toshkent davlat transport universiteti tashkil etildi.
– Jamoat transporti bilan bog‘liq masalalarga ilmiy-tahliliy yondashuv yo‘lga qo‘yildimi?
– Albatta, olimlarimizning o‘rganish natijalarini, transport kommunikatsiya tizimi bilan bog‘liq yuzaga kelayotgan muammolar yechimini mutaxassislar oldiga qo‘ya boshladik.
Bir paytlar poytaxtda 2,2 mingdan ziyod avtobus va bundan tashqari tramvay va trolleybuslar harakat qilgan. Keyinchalik tramvay, trolleybuslardan voz kechilgani yetmaganday avtobuslar soni ham keskin kamayib ketgan. Ayni paytda bor-yo‘g‘i 1,5 mingga yaqin avtobus harakatlanmoqda.
Shuning o‘zi jamoat transporti tizimi qanchalik kuchsizlanganini ko‘rsatib turibdi. Vaholanki, poytaxt aholisi keyingi yillarda keskin ko‘paydi. (3 millionga yaqin). Ayniqsa, uy-joy qurilishi jadallashib ketdi. O‘n minglab aholini qamrab olayotgan shaharchalar bunyod bo‘lmoqda. Lekin bu aholining transportga bo‘lgan ehtiyoji hisobga olinayaptimi? Afsuski, yo‘q. Qolaversa, poytaxtga kirib kelayotgan odamlar soni ham kam emas.
Jamoat transporti bilan bog‘liq o‘tkir muammo esa har bir xonadon, voyaga yetgan har bir fuqaroda o‘z shaxsiy avtomobiliga ega bo‘lish istagini yuzaga keltirayotgani sir emas. Keyingi yillarda qarz ko‘tarsa ham, kredit olsa ham yengil avtomobil sotib olishga urinayotgan yurtdoshlarimiz ko‘payganini hammamiz yaxshi bilamiz.
(Ayni vaqtda Toshkent shahrida 800 mingdan ortiq yengil avtomobil bor. Viloyatlardan esa har kuni kamida 150 mingdan ortiq transport vositasi poytaxtga kirib keladi. Demak, poytaxtda 1 millionga yaqin transport vositasi harakatlanadi).
Shaxsiy avtomobilga ega bo‘lish yaxshi, albatta. Biroq, avtomobillar sonining ko‘paygani, transport oqimining keskin kuchayishi tirbandlik, ekologiyaga oid muammolarni yuzaga keltirayotgani ham ayni haqiqat.
Tan olish kerakki, bugungi globalizatsiya jarayonlari har bir sohadan tezlikni talab qiladi. Axir eng qimmat narsa – bu vaqt. Yarim soat yoki undan ko‘p vaqtda keladigan avtobus hech kimga kerak emas.
Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, yangi metro liniyalari bunyod etilib, ishga tushirilgani jamoat transportidagi muammolarni birmuncha yengillashtirdi. Ammo bu bilan muammo batamom barham topmadi. Chunki metro liniyalaridan uzoq bo‘lgan aholi punktlari kam emas.
– Jamoat transporti bilan bog‘liq muammolarga mutaxassislar qanday yechimlarni taklif etmoqda?
– Avvalo, davlatimiz rahbari aytganidek, jamoat transportlari sonini ko‘paytirish zarur. Odamlarga xavfsiz, arzon va sifatli transport kerak.
Muhimi, transport bilan bog‘liq muammoga kompleks yondashuv yo‘lga qo‘yilmoqda. Buning uchun faqat transport vositasini olib kelish emas, balki ular harakatlanadigan yo‘llar, chorrahalar, ko‘priklarga ham e’tibor berilmoqda. Yo‘llar bo‘yida qurilayotgan binolar ham nazardan chetda qolmaydi. Bir so‘z bilan aytganda, yo‘l infrastrukturasi ustida jiddiy ish olib borilmoqda. Bu borada Transport vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar bilan izchil hamkorlik yo‘lga qo‘yildi.
Toshkent shahridagi jamoat transporti marshrutlari qayta tahlildan o‘tkazilayotir. Aholi ehtiyojidan kelib chiqib joriy etiladigan yo‘nalishlar geokartalari tayyorlanmoqda.
Aytib o‘tishim kerakki, biz o‘rgangan 500 chorrahadan 200 tasi mutlaqo talabga javob bermaydi. Chorrahalarni har tomonlama qulaylashtirish bo‘yicha loyihalash ustida ish olib borilmoqda.
Masalan, chorrahaga avtobus bekatining yaqinligi undagi o‘tkazuvchanlikka salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Bir nechta avtobus bekatga bir vaqtda kelsa, qarabsizki chorrahada tirbandlik boshlanadi.
Shu bilan birga, bekatlardagi biznes shoxobchalari ham transport harakatiga salbiy ta’sir ko‘rsatib kelmoqda. Do‘kondan xarid qilmoqchi bo‘lgan xaridor mashinasini bekatga qo‘yib, avtobuslar harakatiga xalaqit berishi ko‘p uchraydi. To‘g‘ri, tadbirkorga daxl qilish mumkin emas. Ammo yuzaga kelayotgan muammoni hal qilish yo‘lini baribir topish kerak.
Xalqaro tajribada o‘zini oqlagan jamoat transporti uchun alohida yo‘laklar ajratish ustida ham ish olib borilmoqda.
Intellektual transport tizimiga oid dasturlar yaratilmoqda. Sun’iy intellektda ishlaydigan bunday dasturlar orqali transport bilan bog‘liq muammolarga optimal yechim topish mumkin.
Yo‘l infrastrukturasi, yo‘l qurilishi bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribaga, xususan, Turkiya, Germaniya kabi davlatlar mutaxassislari bilan hamkorlikka katta e’tibor qaratilmoqda.
Universitetimizda tayyorlanayotgan mutaxassislarning bilim, tajribasini yuqoridagi kabi talablar asosida mustahkamlanmoqda. Ular faqat nazariyot bilan cheklanmasdan, amaliyotda ham bevosita va faol ishtirok etishyapti. Bundan tashqari, talabalarimiz yo‘l qurilishi, transport kommunikatsiya tizimi rivojlangan davlatlarda stajirovka ham o‘tashini kun tartibiga qo‘ydik.
Jamoat transporti bilan bog‘liq muammo baribir ularning soniga borib taqaladi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, faqat poytaxtimiz uchun yana mingta avtobus kerak.
Buni hisobga olib Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra, 400 ta elektrobus keltiriladi. Bunday zamonaviy transport vositalari nafaqat odamlar uchun, balki atrof-muhit uchun ham dolzarb. Bu tabiatga zarar beradigan zararli gazlarni 8 barobarga kamaytiradi.
Ishonamanki, qulay jamoat transporti tizimi yo‘lga qo‘yilsa, rivojlangan davlatlarning katta shaharlaridagi kabi bizda ham odamlar shaxsiy ulovdan ko‘ra jamoat transportini afzal ko‘ra boshlaydi. Bu esa tobora avj olayotgan transport tirbandliklariga barham beradi va muhimi, aholiga katta qulaylik yaratiladi. Bunday transport bilan bog‘liq muammolar yechimlari keyinchalik mamlakatimiz bo‘ylab tatbiq etiladi.
Norgul ABDURAIMOVA, O‘zA