O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Navoiy viloyatining Nurota tumaniga press tur tashkil etildi.
Tadbir avvalida Nurota tumani markazidagi istirohat bog‘ida sayyor qabul o‘tkazildi. Unda tumandagi 11 ta mahalladan kelgan fuqarolar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan soha xodimlariga murojaat qildi.
Tadbir davomida aholiga qonunchilikdagi yangiliklarni yetkazish maqsadida huquqiy-targ‘ibot ko‘rgazma burchagi, milliy hunarmandchilik namunalari namoyish etildi. Fuqarolarga elektron imzo olish, tibbiy va manzil ma’lumotlari, sudlanganlik yoki sudlanmaganlik to‘g‘risidagi ma’lumotlar, farzandini maktabgacha va maktab ta’limi muassasasiga navbatga qo‘yish kabi 40 ga yaqin davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Bundan tashqari, yoshlardan nikohdan o‘tish uchun arizalar qabul qilinib, avvaldan ariza bergan yoshlarga tegishli tartibda nikoh guvohnomalari topshirildi.

– Yurtimizda Adliya organlari faoliyatini yanada yaxshilash, ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish borasida aniq chora-tadbirlar asosida ish olib borilmoqda, – deydi Adliya vazirligi Axborot xizmati rahbari – axborot masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sevara O‘rinboyeva. – Bu borada Prezidentimiz 2024 yil 24 maydagi “Ma’muriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining mas’uliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish to‘g‘risida” gi farmoni qabul qilindi. Unda fuqarolarning huquq va erkinliklariga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, ularga ko‘rsatilayotgan davlat va huquqiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish maqsadida adliya organlari va muassasalari faoliyati uchun yangi yo‘nalishlar, vazifalar belgilab berilgan. Ulardan biri “mahalla yettiligi” bilan ishlash, aholining kundalik hayotida uchraydigan huquqiy muammolarini aniqlash, ularni tahlil qilish va bartaraf etish, shuningdek, fuqarolarga huquqiy masalalar bo‘yicha birlamchi bepul yuridik yordam ko‘rsatish vazifasidir. Ana shu vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Adliya vazirligi tomonidan respublikamiz bo‘ylab press-tur tashkil etilmoqda. Ularda hududlardagi OAV vakillari va jurnalistlar, faol fuqarolik pozitsiyasiga ega bo‘lgan hamyurtlarimiz qatnashmoqda.

Bugungi kunda Nurota tumanidagi 31 ta mahallada 89 ming 500 nafar aholi istiqomat qiladi. Bandlik, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirishda huquqiy ko‘makka muhtojlik, oilaviy munosabatlar, tug‘ilganlik va nikoh guvohnomasi olishda murojaatlarning kechikish holatlari hudud aholisining asosiy muammolarini tashkil etadi. Huquqiy-targ‘ibot tadbirida tashkil etilgan sayyor qabulda ham shu kabi muammolar yuzasidan mas’ul idoralar tomonidan huquqiy tushunchalar berildi. Aksariyat murojaatlar shu yerning o‘zida ijobiy hal etildi.

Press-tur ishtirokchilari tuman markazidagi “G‘afur G‘ulom” mahalla fuqarolar yig‘inidagi “mahalla yettiligi” faoliyati va mahallaga o‘rnatilgan xizmat turi infokioska qulayliklari bilan tanishdi. Adliya vazirligi mas’ul xodimi tomonidan infokioskadan foydalanish tartibi tushuntirildi. Shu joyning o‘zida bir qator davlat xizmatlaridan foydalanildi.
Press-tur davomida OAV xodimlari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
A.Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri