Jizzax viloyati Adliya boshqarmasi tashabbusi bilan joylarda bo‘lib o‘tayotgan tadbirlarda Prezidentimizning joriy yil 8 maydagi “Yangi tahrirdagi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmonining mazmun-mohiyatiga qaratilmoqda.
Jumladan, Forish tumani adliya hamda tuman oila va xotin-qizlar bo‘limlari hamkorligida davlatimiz rahbarining 2023 yil 8 maydagi nomi yuqorida zikr etilgan farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida targ‘ibot tadbiri bo‘lib o‘tdi.
Unda tumandagi 25 mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi xotin-qizlar faollari ishtirok etdi.
Targ‘ibot tadbirida Forish tumani adliya bo‘limi boshlig‘i Oybek Yo‘ldoshev va tuman adliya bo‘limi maslahatchisi Bekzod Turopov so‘zga chiqib, O‘zbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi, unda belgilangan xotin-qizlarning huquq va majburiyatlari moddama-modda tushuntirib berdi.
Tadbirda tumandagi barcha mahalla fuqarolar yig‘inlarida yangilangan Konstitutsiyani xotin-qizlar o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha hamkorlikda chora-tadbirlar rejasi belgilab olindi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga mutaxassislar tomonidan batafsil javob oldi.
E’tiborlisi, ushbu yangi tahrirdagi Konstitutsiya bo‘yicha Yurtboshimiz tomonidan imzolangan farmon mazmun mohiyatini aholiga yetkazish tadbiri hududdagi boshqa tumanlarda ham o‘tkazilmoqda.
A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA