Davlatimiz rahbarining 2022 yil 9 sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi doirasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan chora-tadbirlar ishlab chiqilgan. Unga ko‘ra qurilish loyihalarida energiya tejovchi texnologiyalardan keng foydalanishga alohida e’tibor qaratiladi.
Namanganda viloyat qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasi hamda Qurilish va uy-joy kommunal bosh boshqarmasi hamkorligida o‘tkazilgan seminarda ham shular haqida so‘z bordi.
Namangan viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Saidahmad Sultonov, viloyat Qurilish va uy-joy kommunal bosh boshqarmasi boshlig‘i Dilshod Mirxanov aholi hamda tadbirkorlik sub’ektlarining qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan keng foydalanishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini joriy etish, ushbu manbalar orqali elektr va issiqlik energiyasi bilan ta’minlash hamda ma’muriy-maishiy bino va inshootlarda energiya resurslaridan samarali foydalanishni rag‘batlantirish bo‘yicha batafsil tushuncha berildi.
Ta’kidlanganidek, 2023 yil yanvar oyidan boshlab yangi quriladigan va rekonstruksiya qilinadigan ta’lim muassasalari, sog‘liqni saqlash, madaniyat va turizm, umumiy ovqatlanish, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari, sport komplekslari, lokal isitish issiqlik tizimiga ulanadigan ko‘p xonadonli uy-joylar, “Yangi O‘zbekiston” massivlari, umumiy maydoni 1 ming kvadrat metrdan katta bo‘lgan barcha savdo-ko‘ngilochar markazlarining bino-inshootlarini loyihalashtirish va ishga tushirishda issiq suv iste’moli hajmining kamida 25 foizi ushbu ob’ektlarda o‘rnatiladigan quyosh suv isitish qurilmalari orqali qoplanishi ta’minlanadi. “Energiya samaradorlik” qismida qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatish ko‘zda tutilmagan loyiha hujjatlari bo‘yicha qurilish ishlarini boshlash hamda issiq suvdan foydalanish rejalashtirilgan yangi bino-inshootlarda quyosh suv isitish qurilmalarini o‘rnatish ko‘zda tutilmagan taqdirda bunday bino-inshootlarni foydalanishga qabul qilinmaydi.
Prezident farmoniga binoan ijtimoiy soha ob’ektlari, boshqa byudjet tashkilotlari rahbarlari, mas’ul xodimlari faoliyati samaradorligining muhim ko‘rsatkichlarini (KPI) baholash tizimida energiya tejovchi va qayta tiklanuvchi energiya manbalarini joriy etish ishlari alohida inobatga olinishi belgilandi. Ushbu ko‘rsatkichlar bajarilishiga ko‘ra, ularni rag‘batlantirish choralari ko‘riladi. Endilikda ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi, qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi hamda elektr energetikada nazorat inspeksiyasi mamlakatimiz bo‘yicha qurilayotgan yangi ob’ektlarda quyosh suv isitish qurilmalari o‘rnatilishi yuzasidan o‘z vakolatlari doirasida tizimli nazorat o‘rnatilishi haqida ham alohida eslatib o‘tildi.
Oqilxon Dadaboyev,
O‘zA.