Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident farmoni ijroda: Buxoroda “yashil bog‘”, “yashil jamoat parklari” bunyod etilmoqda
08:00 / 2023-04-28

Mamlakatimizda davlatimiz rahbarining 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko‘kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi doirasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Buxoro viloyatida ham mazkur hujjat ijrosini ta’minlash,   “Yashil makon” umummilliy harakatining bir qismi sifatida har bir shahar va tumanda “yashil bog‘”, “yashil jamoat parklari” ni barpo etish rejalashtirilgan. Viloyatning tanlangan hududlarida umumiy maydoni 34,6 gektarni egallagan “Yashil jamoat parki”ni barpo etish loyihalari ishlab chiqilmoqda. Xususan, Romitan tumani Gazli shaharchasida 1 gektar, Buxoro tumani “Do‘stlik”  mahalla fuqarolar yig‘ini Zarafshon ko‘chasida 9,4 gektar, Buxoro shahri “To‘qimachi” mahalla fuqarolar yig‘ini Mustaqillik ko‘chasida 1,7 gektar, Jondor tumani Moxonko‘l massivida 5 gektar, Qorako‘l tumani “Qorako‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini Do‘rman qishlog‘ida 3 gektar, Kogon shahri “Maxtumquli” mahalla fuqarolar yig‘inida 5 gektar, Olot tumani Ardali massivida 5 gektar, Shofirkon tumani “Xoja Orif” mahalla fuqarolar yig‘inida 3 gektar, Qorovulbozor tumanining “Bo‘ston” va “Tinchlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarida 0,55 gektar maydonda “Yashil jamoat parki” ni qurib foydalanishga topshirish chora-tadbirlari yuzasidan dastlabki tashkiliy harakat boshlangan.

Farmon ijrosidan kelib chiqib “Vobkent” mahalla fuqarolar yig‘inining Imom Buxoriy hamda Ahmad Donish ko‘chalari bo‘ylab 1,9 gektar yer maydoni ajratilgan. Unda “Yoshlar xiyoboni” deb nom olgan “Yashil jamoat parki” qurilishi boshlangan. Xushmanzara tabiatning mo‘’jaz bir qismi, odamlar ishdan keyin oilasi, farzandlari bilan bemalol hordiq chiqaradigan mazkur so‘lim maskani loyihasi qurilish qiymati mahalliy byudjet mablag‘i hisobidan 1 milliard 900 million so‘mga, homiylik yordamlari hisobidan 4 milliard 700 million so‘mga moliyalashtirilgan. Bunda tuman hokimligi Obodonlashtirish boshqarmasi buyurtmachi hisoblanadi. So‘nggi oylarda ancha gavjumlashgan bu xiyobon hududida hozirga qadar elektr energiyasi, sug‘orish va oqava suv tarmoqlari shay qilinib, 600 tupga yaqin manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilgan.  

So‘lim bog‘ ko‘rinishini oladigan “Yoshlar xiyoboni”da har biri 25 o‘ringa mo‘ljallangan muzqaymoq va salqin ichimliklar paviloni va milliy taomlar oshxonasi, shu qatorda fast-food yeguliklari shoxobchasi, qahvaxona xizmati joriy qilinadi. Bog‘da 10 taga yaqin arg‘imchoq — attraksion bolajonlar xizmatida bo‘lsa, suv havzasi hamda favvora, “besedka”lar, yana shu kabi ko‘ngilochar ob’ektlar barpo qilinadi.

–Tuman markazidagi “Vobkent” mahallasida, bir muddat kasb-hunar kolleji, keyinchalik Sanoat va transport texnikumi maqomini olgan inshoot joylashgan hudud orqa tomonidagi 1 gektardan oshiq yer maydoni shu kunga qadar qarovsiz, tashlandiq holda yotgandi, –deydi Vobkent tumani hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Rahmatillo Azamatov. –Buxoro muhandislik texnologiyalar instituti balansida bo‘lgan mazkur bino va yer maydoni respublika Oliy ta’lim vazirligi ruxsati asosida tuman hokimligi ixtiyoriga o‘tkazilganidan so‘ng bu yerda, ya’ni 1,3 gektar maydonda yozgi amfiteatr hamda yoshlar bilan gavjum bo‘lishi uchun sport maydonchalari qurilishi loyihalashtirildi. Hozirda mazkur loyiha tender tanlovi tartibida auksion savdolariga chiqarilmoqda. Tadbirkorlik sub’ekti aniqlangach, bunda boradigan qurilish va boshqa keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlari xususida batafsil axborot beriladi. Muhimi, ko‘rimsiz holga kelgan hududning obodonlashtirilib, so‘lim maskanga aylantirilayotgani yurtdoshlarimiz bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishga xizmat qiladi. Ayni paytda xiyobonda turli mevali va manzarali daraxt ko‘chatlari o‘tqazilib, ularni  sug‘orish maqsadida kichik favvorachalardan foydalanilmoqda.

Zarif Komilov, O‘zA