French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident farmoni: davlat xaridlari tizimida yangi mexanizmlar joriy etilmoqda
10:40 / 2026-01-15

Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan tashkil etilgan tadbir Prezidentimizning 2025 yil 26 dekabrdagi “Davlat xaridlari tizimida raqobat muhiti va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mazmun-mohiyatiga bag‘ishlandi.

Unda vazirlikning davlat xaridlari siyosati departamenti mas’ul xodimlari, elektron tizimi operatorlari, davlat buyurtmachilari, yirik davlat korxonalari, g‘aznachilik xizmati qo‘mitasi hududiy bo‘linmalari mutaxassislari ishtirok etdi.

Unda so‘z olganlar mazkur farmon bilan davlat xaridlari tizimini tubdan takomillashtirish, ochiqlik va raqobat muhitini kuchaytirish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlash hamda byudjet mablag‘laridan samarali foydalanishni ta’minlashga qaratilgan asosiy maqsadlar belgilab berilganini qayd etdi. Xususan, bosqichma-bosqich ravishda raqobatli xaridlar ulushini 80 foizga, iqtisod qilingan mablag‘lar hajmini 25 trillion so‘mga, xaridlarda mahalliy mahsulotlar ulushini esa kamida 85 foizga yetkazish rejalashtirilgan.

Ta’kidlanganidek, ushbu farmon ochiq muloqotlar jarayonida tadbirkorlar tomonidan bildirilgan taklif va tashabbuslar to‘liq inobatga olingan holda qabul qilingan. Unga ko‘ra, davlat xaridlari amaliyotiga qator muhim yangiliklar joriy etiladi. Jumladan, xaridlarda yangi raqobatli usul- “taklif so‘rovi” mexanizmi yo‘lga qo‘yilishi, davlat buyurtmachilarining xarid rejalari e’lon qilingach, ushbu ma’lumotlar mahalliy ishlab chiqaruvchilarga elektron xabarnoma orqali avtomatik tarzda yetkazilishi belgilangan.

Shu bilan birga, mahalliylashtirish darajasi 30 foizdan ortiq bo‘lgan mahalliy korxonalarga avans to‘lovlarini ularning mahalliylashtirish darajasidan kelib chiqib to‘lashga ruxsat etilishi, byudjet buyurtmachilari va mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘rtasida mahalliy auksion savdolarini tashkil etish tartibi joriy qilinishi ma’lum qilindi.

Farmonga muvofiq, davlat buyurtmachilarining tovarlar, ishlar va xizmatlarni qabul qiluvchi shaxslarga beriladigan ishonchnomalarni davlat xaridlarining elektron tizimi orqali elektron shaklda rasmiylashtirish amaliyoti joriy etilmoqda. Shuningdek, xarid hujjatlarini ekspertizadan o‘tkazish muddatlari ularning qiymati va murakkabligiga qarab qisqartirilishi, barcha xarid hujjatlari loyihalari jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan.

Xaridlarda o‘rtacha bozor narxlarini avtomatik hisoblovchi elektron modulni ishga tushirish orqali narxlarning asossiz oshirilishining oldini olish va moliyaviy intizomni kuchaytirish tadbirlarini amalga oshirish ham aynan mazkur hujjat bilan ko‘rsatib o‘tilgan.

Tadbir yakunida ishtirokchilar farmonning amaliy ijrosi, yangi mexanizmlarni joriy etish jarayonlari hamda davlat xaridlari tizimining samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan galdagi vazifalarni belgilab oldi.

N.Ziyodullayeva,  

O‘zA