Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan islohotlar jarayonida afv etish institutiga ham alohida urug‘u berilmoqda.
Afv etish - hukm qilingan shaxsga nisbatan insonparvarlik ifodasi bo‘lib, uni jazodan to‘liq yoki qisman ozod qiladi yoki sud tomonidan belgilangan jazoni boshqa yengilroq jazo bilan almashtiradi.
Bu institut amnistiya aktidan tubdan farq qiladi.
Amnistiyada jinoyat sodir qilgan ma’lum toifadagi shaxslarga jinoiy-huquqiy ta’sir choralarini qo‘llamaslik orqali ularga tuzalish imkoniyatini berish yoki bu choralar qo‘llanganda ularning ahvolini yaxshilash maqsadida ko‘rsatiladigan insonparvarlik ifodasi hisoblanadi.
Sodda qilib aytadigan bo‘lsak, amnistiya aktida aniq bir shaxsning familiya, ismi sharifi ko‘rsatilmay, ma’lum toifadagi shaxslar (masalan, yoshlar, 60 yoshdan oshganlar, ayollar), odatda ijtimoiy xavfli qilmishni birinchi marta sodir qilayotganlar, uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyat sodir etganlar jazodan ozod qilinishi yoki uning muayyan qismi kamaytirilishi kabilar belgilanadi. Ya’ni avval jinoyatlar toifasini belgilanib, keyin esa ana shu jinoyatlar toifasiga tushadigan shaxslar aniqlanadi.
Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “amnistiya jinoyat sodir etgan odamlarni kechirish bo‘yicha muhim mexanizmlardan biri. Biroq, tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oldindan chuqur o‘rganmasdan turib javobgarlikdan ozod qilishni belgilash qilmishiga pushaymon bo‘lmagan, yetkazilgan zararni to‘liq qoplamagan shaxslar ham amnistiya doirasiga kirib qolishiga sabab bo‘lgan. Bu masalada, ming afsuski, korrupsiya holatlari ham bo‘lgan deb aytsak, to‘g‘ri bo‘ladi. Prokuratura, ichki ishlar va sud idoralarida ham bunday noma’qul ishlarga yo‘l qo‘yilgan. Bu esa amnistiyaga tushgan kimsalarda jazoni his etmaslik, bizga hamma narsa mumkin, degan noto‘g‘ri kayfiyatning shakllanishiga olib kelgan. Eng yomoni, amnistiyani qo‘llashda jabrlangan taraf va jamoatchilik fikri inobatga olinmagan, bu esa fuqarolarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Shuning uchun, afsuski, amnistiya bo‘yicha ozod qilingan shaxslar tomonidan qayta jinoyat sodir etish holatlari ham uchramoqda”.
Amnistiyadan farqli o‘laroq, avf etish sudlar tomonidan hukm qilinganlarga, individual tartibda aniq bir mahkumga nisbatan uning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomiga afv etishni so‘rab yozgan yozma murojaatiga asosan amalga oshiriladi.
Ya’ni shaxs o‘z aybini tan olib, unga pushaymon bo‘lib, kechirim so‘raydi. Bunday holatlarda amnistiyaga tushgan ayrim kimsalardek jazoni his etmaslikka o‘rin qolmaydi.
Prezidentimizning 2017 yildan beri afv etish bilan bog‘liq 21 farmoni e’lon qilindi. Mazkur farmonlar asosida 5555 nafar jazo muddatini o‘tayotgan shaxslar afv etildi.
Bu raqamlarni yillar kesimida ko‘rib chiqsak:
2017 yilda – bitta farmon bilan 2 ming 700 nafar shaxs;
2018 yilda – uchta farmon bilan 621 nafar shaxs;
2019 yilda – to‘rtta farmon bilan 771 nafar shaxs;
2020 ymolda – beshta farmon bilan 616 nafar shaxs;
2021 yilda – to‘rtta farmon bilan 637 nafar shaxs afv etildi.
Joriy yilda esa afv etish bilan bog‘liq uchta farmon e’lon qilindi. Shu asosda 203 nafar shaxs afv etildi.
Afv zamirida nafaqat kechirimlilik, balki yuksak insonparvarlik mujassam. Zero, afv etilgan shaxslarning oila a’zolari, yaqinlari ham bu yorug‘likdan bahramand bo‘ladi.
Norgul Abduraimova, O‘zA