Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident farmoni bilan 500 qonun hujjati bekor qilindi
11:54 / 2021-05-06

2021 yil 30 aprelda Prezidentimizning “Milliy qonunchilik bazasini kompleks tizimlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.

Farmon bilan qonunchilik bazasini qisqartirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar natijasida yana 500 ga yaqin eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlar bekor qilindi.

Eslatib o‘tamiz, Adliya vazirligi tashabbusi bilan jami 3 mingga yaqin eskirgan va o‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlar bekor qilingan bo‘lib, bu amaldagi huquqiy bazaning qariyb 10 foizini tashkil etadi.

Qonunchilikni son jihatdan tizimlashtirish endilikda sifat jihatdan yaxshilanmoqda. O‘z ahamiyatini yo‘qotgan hujjatlardan qonunchilikni “tozalash”dan keyin navbat hujjatlar mazmunini yaxshilashga keldi.

Bu borada ikki yo‘nalishda ish olib borilishi rejalashtirilgan. Ulardan biri — konsolidatsiya, ya’ni 120 dan ortiq davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi 1600 dan ziyod tarqoq hujjatlarni birlashtirilishi.

Bu juda muhim masala, sababi bugungi kunda bitta vazirlikning vakolatlarini tushunish uchun kamida o‘nlab normativ-huquqiy hujjatlarning mazmunini o‘rganish yoki qo‘shimcha vaqt va moliyaviy xarajatlarni talab qiladigan yuridik maslahat olish zarur. O‘z navbatida, o‘nlab turli normativ-huquqiy hujjatlar o‘rniga tegishli davlat organi faoliyatiga oid barcha asosiy masalalar batafsil bayon etilgan bitta hujjatning talablarini tushunish va ularga rioya qilish osonroq.

Amaldagi huquqiy bazani qonunchilik tarmoqlari bo‘yicha tizimlashtirish ham juda muhim. Buning uchun 60 ga yaqin eng muhim sohalar kesimida amaldagi hujjatlar tizimlashtiriladi. Ushbu ish nafaqat hujjatlar sonining kamayishi, balki ularning sifatini sezilarli darajada yaxshilashga xizmat qiladi. Jumladan, tizimlashtirish jarayonida huquqni qo‘llash amaliyotida turli muammolarga olib keluvchi takrorlanish, ziddiyat, huquqiy bo‘shliq va boshqa kamchiliklar bartaraf etiladi.

Adliya vazirligi bu borada mas’ul ijrochilarga uslubiy yordam ko‘rsatadi, shuningdek, farmonda belgilangan vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini ta’minlash choralarini ko‘radi.

Ta’kidlash lozimki, farmonda belgilangan qoidalarni amalga oshirish mexanizmlarini ochib berishga alohida e’tibor qaratilgan. Xususan, davlat organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonunchilik hujjatlarini tizimlashtirish, shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlarni qonunchilik tarmoqlari bo‘yicha tizimlashtirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish tartibi mas’ul ijrochilar uchun farmonga ilova qilingan ikki sxemada batafsil ko‘rsatilgan.

Bir so‘z bilan aytganda, qonunchilikni sifat jihatidan tizimlashtirishning yangi bosqichi boshlandi.

N.Abduraimova, O‘zA