Dunyoda vatansiz bo‘lishdan og‘irroq savdo bo‘lmasa kerak.
Albatta, inson xohlagan joyini Vatan tutib yashashi mumkin, lekin qo‘lida fuqarolik pasporti bo‘lmasa, u baribir o‘zini yashagan yerida begonaday his qiladi.
Yurtimizda ana shunday odamlar ilgari ko‘p edi. Chunki fuqarolik berilishi juda murakkab, oddiy odamlar bunga deyarli musharraf bo‘lmagan.
2016 yildan beri esa shu zaminda uzoq yillar yashab, mehnat qilayotgan shaxslarga O‘zbekiston fuqaroligi berib boshlandi.
Fuqarolik olgan shaxslar bilan suhbatlashganimizda juda ko‘pchiligi ko‘zlariga yosh olgan, bu ularning yillar davomida yuragini kemirgan armonlari ushalgani tufayli edi. Axir shu zaminda 15-20 yillab, ba’zilar undan ko‘proq yashasa-da, fuqaroligi bo‘lmagan, buning oqibatida ko‘plab huquqlardan mahrum odamlar fuqarolik olishdan hatto umidlarini uzgan edi...
Hozirgi kunda esa fuqarolik olish oddiy holdek tuyula boshladi. Fuqarolik pasporti olganlarga avval hayrat va havas bilan qaralgan bo‘lsa, bugun hammasi oddiy. Hatto fuqarolik olayotganlar ichida ham shunday kayfiyatdagilarni uchrata boshladik...
IIV axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, 2022 yilning o‘tgan 6 oyi mobaynida, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasi, 22-bandi hamda “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonunining 20 va 4-moddalariga muvofiq, Prezidentimizning 4 ta farmoniga asosan 295 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.
Ma’lumot uchun: 2016 yilning dekabr oyidan hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 97 ta farmoniga asosan jami 23 ming 310 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan.
Bu raqamlarni yillar kesimida ko‘rib chiqsak:
2016 yilda – 179 nafar;
2017 yilda – 1 ming 64 nafar;
2018 yilda – 2 ming 760 nafar;
2019 yilda – 6 ming 318 nafar;
2020 yilda – 8 ming 127 nafar;
2021 yilda – 4 ming 567 nafar;
2022 yilda – 295 nafar.
Aytib o‘tish kerakki, 1992 yildan 2016 yilga qadar mamlakatimizda jami 482 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxs O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan.
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tan olish bo‘yicha 1995 yil
1 yanvar kuniga qadar respublikamizga ko‘chib kelib doimiy ro‘yxatdan o‘tgan 35 ming 196 nafar shaxslardan 23 ming 969 nafarining hujjatlari ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolik pasporti (identifikatsiya ID-karta) bilan hujjatlashtirish choralari ko‘rildi.
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini tan olish bo‘yicha 2005 yil
1 yanvar kuniga qadar respublikamizga ko‘chib kelib, doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan hamda muqaddam chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan shaxslar, shuningdek, 2022 yil 1 fevral kuni holatiga O‘zbekiston Respublikasida kamida o‘n besh yil doimiy yashab kelayotgan va mazkur davr mobaynida chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan jami 20 ming 570 nafar shaxslarning hujjatlari ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi identifikatsiya ID-karta bilan hujjatlashtirish choralari ko‘rildi.
Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasida kamida o‘n besh yil doimiy yashab kelayotgan va mazkur davr mobaynida chet davlat fuqaroligida bo‘lmagan shaxslarning hamda ota-onasidan biri (yolg‘iz otasi yoki onasi) O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi, deb tan olingan, chet davlat fuqaroligini qabul qilmagan va O‘zbekiston Respublikasida yashab kelayotgan bolalarning murojaatlariga asosan jami 4 ming 517 nafar shaxslarning hujjatlari ko‘rib chiqilib, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi identifikatsiya ID-karta bilan hujjatlashtirish choralari ko‘rildi.
Xulosa qilib aytganda, fuqarolik berish bilan bog‘liq ishlar inson huquqlarini himoya qilish, manfaatlarini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmonlari asosida
O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan shaxslar to‘g‘risida
M A ’ L U M O T
(2022 yil iyun holati)
t/r | Viloyatlar nomi | 2016 y. (1 ta farmon) | 2017 y. (10 ta farmon) | 2018 y. (16 ta farmon) | 2019 y. (29 ta farmon) | 2020 y. (17 ta farmon) | 2021 y. (20 ta farmon) | 2022 y. (4ta farmon) | JAMI (97 ta farmon) |
1 | Andijon | 5 | 108 | 598 | 1327 | 585 | 302 | 12 | 2937 |
2 | Buxoro | 26 | 26 | 82 | 369 | 136 | 17 | 0 | 656 |
3 | Jizzax | 3 | 67 | 212 | 225 | 193 | 64 | 4 | 768 |
4 | Qashqadaryo | 6 | 17 | 47 | 254 | 240 | 307 | 59 | 930 |
5 | Qoraqalpog‘iston | 28 | 9 | 21 | 379 | 172 | 144 | 34 | 790 |
6 | Navoiy | 10 | 70 | 165 | 108 | 68 | 19 | 15 | 455 |
7 | Namangan | 13 | 3 | 236 | 360 | 496 | 303 | 14 | 1426 |
8 | Samarqand | 8 | 19 | 281 | 150 | 117 | 107 | 3 | 685 |
9 | Sirdaryo | 0 | 48 | 289 | 414 | 1265 | 183 | 21 | 2220 |
10 | Surxondaryo | 11 | 12 | 68 | 166 | 603 | 252 | 12 | 1124 |
11 | Toshkent v. | 35 | 127 | 17 | 738 | 1200 | 1676 | 63 | 3856 |
12 | Toshkent sh. | 3 | 360 | 138 | 1004 | 1430 | 780 | 27 | 3742 |
13 | Farg‘ona | 16 | 15 | 511 | 731 | 1553 | 392 | 18 | 3236 |
14 | Xorazm | 15 | 183 | 95 | 93 | 69 | 21 | 9 | 485 |
Jami: | 179 | 1064 | 2760 | 6318 | 8127 | 4567 | 295 | 23.310 | |
Izoh: 1991 yildan 2007 yilga qadar respublikamizda jami
482 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan.
2007 yildan 2016 yilning dekabr oyiga qadar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligi berilmagan.
Norgul Abduraimova, O‘zA