Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi yig‘ilishida “Ayollar va bolalar huquqlarining himoyasini kuchaytirish hamda ularga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik holatlarining oldini olish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy-huquqiy choralar to‘g‘risida”gi Prezident farmonining mazmun-mohiyati muhokama qilindi.
Deputatlar ushbu farmon ayollar va bolalarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlikka mutlaqo murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilganini ta’kidladi.

Hujjat bilan jinoyat va ma’muriy qonunchilikka kiritilayotgan o‘zgarishlar orqali jismoniy, ruhiy va iqtisodiy zo‘ravonlik uchun javobgarlik choralari aniqlashtirilayotgani qayd etildi.
Partiya o‘z dasturiy maqsadlarida ijtimoiy adolat, teng huquqlilik va qonun ustuvorligini ta’minlashni ustuvor vazifa deb bilishi, mazkur hujjat aynan shu tamoyillarni amalda qaror toptirishga xizmat qilishi alohida ta’kidlandi. Uning ijrosida fraksiya vakillari ham parlament nazorati doirasida faol ishtirok etishi aytib o‘tildi.

Shuningdek, yig‘ilishda “Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi muhokama qilinib, tegishli qarorlar qabul qilindi.
M.Komilova,
O‘zA