Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident farmoni amalda: tibbiy xizmat aholiga yaqinlashmoqda
09:16 / 2023-08-18

Mamlakatimizda aholiga malakali tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini yanada yaxshilash va tibbiyotni aholiga yaqinlashtirib, davolanish samaradorligini oshirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biriga aylandi.

Prezidentimizning 2023 yil 28 fevraldagi “2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida” gi farmonida ham hududlarda oilaviy shifokor punkti, oilaviy poliklinika, mahalla tibbiyot punktlari tashkil etish belgilangani sohani yanada rivojlantirib, odamlarning bugunidan rozi bo‘lib yashash, ertangi kuniga umid bilan boqish tuyg‘usini mustahkamlashga xizmat qilmoqda. 

Ayni paytda joylarda bu boradagi ishlar izchil davom ettirilib, tibbiyot xodimlarining sifatli xizmat ko‘rsatishi, aholi salomatligini muhofaza qilishi uchun barcha sharoit yaratilayotir. Mavjudlari ta’mirlanib, zamonaviy usulda jihozlanmoqda. Birlamchi tibbiyot muassasalarini UZI, EKG singari muhim uskunalar bilan ta’minlashga e’tibor kuchaytirilib, oilaviy poliklinikalarda kunduzgi shifo o‘rinlari tashkil etilmoqda. 

Mamlakatimizning uzoq va chekka hududlarida ixcham mahalla tibbiyot punktlari barpo etilayotganiga hali ko‘p bo‘lgani yo‘q. Davlatimiz rahbari 2022 yil 18 mart kuni tibbiyot sohasi vakillari bilan o‘tkazgan ochiq muloqotida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalaridan uzoq masofada joylashgan mahallalarda ixcham, qulay mahalla tibbiyot punktlari tashkil etish g‘oyasini ilgari surgan edi.

Bu tashabbus olis va chekka hududlardagi aholining markazdagi shifoxonaga bormasdan, mahallaning o‘zida davolanishiga qulay imkoniyat yaratgani, birlamchi tibbiy xizmatni odamlarga yaqinlashtirib, tibbiy muolajalar samaradorligini oshirgani bilan el og‘ziga tushdi. 

Surxondaryo viloyatida ham mazkur topshiriq ijrosi doirasida vohaning markazdan uzoq hududlarida konteyner tipidagi ixcham mahalla tibbiyot punktlari barpo etilib, aholining uzog‘i yaqin, mushkuli oson qilinmoqda. Malakali tibbiy xizmat olis va chekka hududlardagi har bir xonadonga kirib bormoqda. 

–Tibbiy xizmatni aholiga yanada yaqinlashtirishga qaratilgan bu ish chekka va olis qishloqlar odamlarining uzoq yo‘l bosib tuman markaziga borishi, 5–10 kilometr masofada joylashgan tibbiyot maskaniga qatnashi yoki birgina tashxis uchun navbat kutib kun o‘tkazish singari muammolariga chek qo‘ymoqda, – deydi viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i Komil Abduvoitov.–O‘tgan yilning o‘zida viloyatning Boysun, Sariosiyo, Uzun, Termiz, Denov kabi tumanlarida tashkil etilgan ana shunday tibbiyot maskanlari olis hududlar aholisiga sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatayotgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda. Chekka hududlardagi xalqimizning hayotidan rozi bo‘lib, sog‘lom turmush kechirishiga xizmat qilmoqda. Bu yil davlat Dasturiga muvofiq olis va chekka hududlarda mahalla tibbiyot punktlarini barpo etish davom etmoqda. 

Oilaviy poliklinikalar qoshida faoliyat yuritadigan mahalla tibbiyot punktlarida ham umumiy amaliyot shifokori, patronaj hamshiralar xizmat ko‘rsatadi. Hududga biriktirilgan hamshira uyma-uy yurib, aholi salomatligini muntazam nazorat qiladi. Uning tavsiyasi asosida shifokor bevosita tegishli xonadonga borib, tibbiy muolajalar o‘tkazadi, ehtiyoj bo‘lsa, shifoxonaga yotish uchun yo‘llanma beradi. 

Ma’lumotlarga ko‘ra, o‘tgan yili viloyatdagi chekka va olis hududlarga 176 ta ixcham mahalla tibbiyot punkti o‘rnatildi. Joriy yilda 50 ta olis va chekka hududda konteyner tipidagi ixcham tibbiyot punkti barpo etilmoqda. Hozirgacha Boysun, Oltinsoy, Sho‘rchi, Denov, Sariosiyo, Angor singari tumanlarda aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega yangi mahalla tibbiyot punktlari foydalanishga topshirildi. 

Boysun tumani tog‘lar qo‘ynidagi eng olis va chekka hudud. Tumanda 250 o‘rinli bitta markaziy shifoxona, 1 ta ko‘p tarmoqli markaziy, 4 ta oilaviy poliklinika, 5 ta oilaviy shifokorlik punkti aholiga xizmat ko‘rsatayotir. O‘tgan yili o‘nga yaqin mahallada maxsus jihozlangan konteyner o‘rnatilib, ixcham, qulay tibbiyot punkti tashkil etilgan. Bu yil tumandagi Bog‘ibolo mahallasi aholisi ham ana shunday tibbiyot maskani xizmatidan foydalanish imkoniyatiga ega bo‘ldi. 

Yaqinda Oltinsoy tumanidagi Qoratepa mahallasida ishga tushirilgan ixcham tibbiyot punkti ikki ming aholiga xizmat ko‘rsatadi. 

Hududda “Bobur” oilaviy shifokor punktiga qarashli mahalla tibbiyot maskani tashkil etilgani barchaga bir olam quvonch ulashdi.

Nuroniylar qo‘lini duoga ochib, yurtimizga tinchlik, obodlik, amalga oshirilayotgan barcha ezgu ishlarga bardavomlik tiladi. 

–Issiq jon isitmasiz bo‘lmaydi, – deydi mehnat faxriysi Xurram bobo Mamatraximov. – Shunday paytlarda ancha yo‘l bosib, oilaviy shifokor punkti yoki tuman markazidagi shifoxonaga borishimizga to‘g‘ri kelar edi. Yoshim 84 ga yetib, tom ma’noda xalq dardini o‘ylaydigan zamonni ko‘rdim. Qarang, ixcham tibbiyot punktida xalqimizga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun zarur barcha sharoit yaratilgan. Albatta, bu ish aholimizning uzog‘ini yaqin qiladi. Bu yerda mehnat qiladigan umumiy amaliyot doktorlari va hamshiralar xalqimiz salomatligini muhofaza qilishiga ishonamiz. Yurtimiz tinch, obod, bunday xayrli ishlar uzluksiz davom etishini tilaymiz. 

Viloyatda aholi qatnoviga qulay joylarda barpo etilayotgan ixcham mahalla tibbiyot punktlari chekka va olis hududlarda shifokor tavsiyasi asosida oddiygina ukol olish yoki kutilmaganda olingan yengil jarohatiga malham qo‘yib, bog‘lash uchun ovora bo‘lib, uzoq yo‘l bosishga chek qo‘ymoqda. Endilikda bu qishloqlarda odamlar shifokorni emas, tibbiyot xodimlari hol-ahvol so‘rash, salomatligini bilish uchun aholi xonadonlariga kelmoqda. Bunday qulaylik ayniqsa, keksalar va xotin-qizlarga ruhiy quvvat ulashib, ularning sog‘lom turmush kechirishiga ko‘maklashmoqda. Inson qadri tamoyili hayotida o‘z ifodasini topayotganidan faxr hissini tuyib yashamoqda. Bularning barchasi mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilayotgan islohotlarning yorqin ifodasidir. 

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA