Ko‘ksaroy qarorgohida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbirida davom etmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev butun O‘zbekiston ayollarini 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan samimiy muborakbod etdi.
Yurtimizda xotin-qizlarning huquq va manfaatini ta’minlash, muammolarini hal qilish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim yaratilgani ta’kidlandi.
Barcha qonun, farmon va qarorlarni qabul qilishda gender masalasi bo‘yicha huquqiy mexanizmlar joriy etildi. Endi xotin-qizlarning huquq va manfaatlariga ta’siri baholanmay turib, birorta qonun qabul qilinmaydi.
Yaratilgan keng imkoniyat va sharoitlar hisobiga 230 mingga yaqin tadbirkor ayollar sinfi shakllandi, mirishkor fermer ayollarimiz 12 ming nafardan oshdi. Ilm-fan rivojiga ulkan hissa qo‘shayotgan olimalarimiz 6 ming nafardan oshdi. O‘tgan yili dunyo arenalarida shijoatli qizlarimiz 167 ta oltin, 193 ta kumush, 243 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi.
Xotin-qizlarimiz hayotidagi ana shunday katta o‘zgarishlar dunyo hamjamiyati tomonidan e’tirof etilmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Parlamentlararo ittifoqning “Parlamentdagi ayollar” reytingida 92 pog‘ona yuqorilab, 36-o‘rinni egalladi. “Gender tenglik va boshqaruv” indeksida 103-o‘rindan 52-o‘ringa ko‘tarildi. Jahon bankining “Ayollar, biznes va qonun” indeksida esa o‘z pozitsiyasini 43 pog‘onaga yaxshilab, 48-o‘ringa chiqdi.
O‘zA