2025/2026 o‘quv yili uchun magistratura bosqichi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasi tanlovining respublika bosqichi o‘z nihoyasiga yetdi.

Mazkur bosqichda Maxsus tanlov komissiyasi tomonidan respublika miqyosida belgilangan 22 ta tanlov yo‘nalishi bo‘yicha nomzodlar bilan suhbatlar o‘tkazildi. Suhbatlar jarayonida o‘z bilim, salohiyat va iqtidorini namoyon etgan eng munosib nomzodlar yashirin ovoz berish yo‘li bilan aniqlanib, natijada 22 nafar g‘olib tanlab olindi.
Tanlovning yakuniy natijalari oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari Sardor Rajabov tomonidan e’lon qilindi. U o‘z nutqida ushbu bosqichga yetib kelishning o‘zi katta yutuq ekanini ta’kidlab, g‘oliblarni samimiy tabrikladi.

– Sizlarning bugungi natijalaringiz ertangi kunimiz poydevori, deydi Sardor Rajabov. – Ishonchim komilki, sizlar kelgusida mamlakatimiz taraqqiyoti va ilm-fan ravnaqiga munosib hissa qo‘shasiz.
Prezident davlat stipendiyasi sovrindorlari Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligining Hay’at qarori bilan tasdiqlangach, belgilangan tartibda rasman e’lon qilinadi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA