Mamlakatimizda yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning intellektual salohiyatini rivojlantirish hamda ilmiy-tadqiqot va ijodiy faoliyatga keng jalb etish davlat siyosati darajasida ustuvor vazifalardan biridir. Shu maqsadda har yili O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasi hamda nomli davlat stipendiyalariga o‘tkaziladigan tanlovlar iqtidorli talabalarni rag‘batlantirish, ularning bilim va ko‘nikmalarini yanada chuqurlashtirishga xizmat qilmoqda.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, 2025/2026 o‘quv yili uchun magistratura va bakalavriat talabalari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va 11 ta nomli davlat stipendiyalari tanlovlarining respublika bosqichi to‘liq raqamlashtirilib, ochiq-oshkoralik tamoyili asosida o‘tkazildi.
Elektron tizimda talabalarga olgan ballarini bilish hamda apellyatsiya arizasini berish imkoniyati yaratildi.
Qayd etilishicha, joriy yilda davlat stipendiyalariga ajratilgan jami 933 ta kvotaga 1 ming 706 nafar talabgordan arizalar kelib tushdi.
Bakalavriat bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga jami 180 ta oliygohning har biriga 1 tadan kvota ajratilgan. Jumladan, 58 ta nodavlat va 28 ta xorijiy oliygohga ham kvota berilishi ko‘zda tutilgan. Biroq ushbu kvotalarga 142 nafar talabgor hujjat topshirgan. Shundan, taqdim etgan hujjatlarida kamchilik bo‘lmagan 128 nafari Maxsus komissiyaga yuborilgan hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlariga qatnashish uchun tavsiya etilgan. O‘tkazilgan test sinovlariga 4 nafar talabgor turli sabablarga ko‘ra qatnasha olmagan.
Nomli davlat stipendiyalariga jami 731 ta kvota ajratilgan. Ushbu kvotalarga jami 1 ming 369 nafar talabgor hujjat topshirgan. Shundan, taqdim etgan hujjatlarida kamchilik bo‘lmagan 1 ming 256 nafari Maxsus komissiyaga yuborilgan va ko‘rib chiqilgan.
Magistratura bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasiga har yili jami 22 ta tanlov yo‘nalishi bo‘yicha 1 tadan kvota ajratiladi. Joriy yilgi tanlovlarda 22 ta tanlov yo‘nalishiga oliygohlardan jami 195 nafar talabgorning hujjatlari taqdim etildi. Shundan, taqdim etgan hujjatlarida kamchilik bo‘lmagan 161 nafari Maxsus komissiyaga yuborilgan hamda Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladigan test sinovlariga qatnashishi uchun tavsiya etilgan. O‘tkazilgan test sinovlarida 7 nafar talabgor turli sabablarga ko‘ra ishtirok etmagan.
O‘tkazilgan test natijalariga ko‘ra, 22 ta tanlov yo‘nalishi bo‘yicha jami 61 nafar talabgor suhbat bosqichiga tavsiya etildi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat stipendiyasining respublika bosqichi bugun, 29 yanvar kuni bo‘lib o‘tmoqda.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA