Ko‘ksaroy qarorgohida Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan bayram tadbiri davom etmoqda.
— Bugun Yangi O‘zbekiston o‘z taraqqiyotining yangi bosqichiga dadil kirib bormoqda. Biz o‘z oldimizga, avvalo, inson baxti, inson qadri uchun xizmat qiladigan ulkan maqsadlarni qo‘yganmiz. Chunki inson baxti oiladan boshlanadi, oila esa ayol bilan mustahkam. Kelajak avlod ana shu muqaddas makonda kamolga yetadi!
Hech shubhasiz, bu borada qizlarimizning ma’naviy tarbiyasi hal qiluvchi o‘rin tutadi, – dedi Prezidentimiz.
Mehr-oqibat, or-nomus va andisha kabi muqaddas fazilatlar qizlarimiz qalbiga buvijonlarning nasihat va o‘gitlari bilan kirishi, bunday oilada tarbiya olgan qizlarimiz yurish-turishi, odob-axloqi va hayotga munosabati bilan tengdoshlariga namuna bo‘lib kelgani ta’kidlandi.
Bugungi sharoitda ana shu tarbiya maktabiga ehtiyoj har qachongidan ham dolzarb bo‘lib turgani qayd etildi.
Davlatimiz rahbari dunyodagi vaziyat tahlikali bo‘lib borayotgan bir paytda yurtimizdagi tinchlik va osoyishtalik ulug‘ ne’matligini yanada chuqur his etish, uni asrash har birimizning muqaddas burchimiz ekanini ta’kidladi.
Mana shunday sharoitda duogo‘y buvijonlarimiz, mo‘tabar onaxonlarimiz oilalarda bu ne’matning qadriga yetish, uni asrab-avaylash va farzandlar, nabiralarga shukronalik tuyg‘usini singdirishda namuna bo‘lishlariga ishonch bildirildi.
O‘zA