Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident bilan uchrashsam... (+video)
20:28 / 2023-08-09

Har yili O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yurtimiz tadbirkorlari bilan uchrashib, ularning taklif va mulohazalarini tinglaydilar. Muloqot chog‘ida iqtisodiyot, tadbirkorlik, bank, moliya soliq tizimiga oid ko‘plab masalalar muhokama qilinadi.

Marg‘ilondagi Hunarmandlar markazi muassisi, tadbirkor-hunarmand Ibroximjon Sultonov oddiy to‘quvchilikdan hozirga kelib yirik ish beruvchi ustaga aylandi. U asos solgan Hunarmandlar markazi dovrug‘i olamga ketdi. Pilladan qo‘l dastgohida yigirib olingan ipak tolalariga jon ato qildi, usta. To‘quv dastgohlarida kamalakrang jilvakor atlas, baxmal, adras, beqasam shoh matolari yaratilmoqda. Ustazodaning ortidan minglab yoshlar ergashdi. Faqat Farg‘ona viloyatidagina emas. Buxoro, Qashqadaryo, Jizzax viloyatlarida ham ustozning hunarmandlik ustaxonalari, shogirdlari bor. Bu kunlarga osonlikcha erishilmadi, albatta.

Ibroximjon Sultonov agar men Prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvida ishtirok etsam ularga aytar so‘zim bor, deydi.

- Men hunarmandchilikda beshinchi avlod vakiliman. Dadam birovlarning uy yerto‘lasida atlas to‘qirdilar, bo‘yoq ishlari ham yarim tunda, hech kimga bildirmay qilinar edi. O‘zim ham dadam bilan shu kunlarni ko‘rdim. Mana endi davrlar keldiki, men, oddiy to‘quvchi edim, qator-qator korxonalar egasiman. Emin-erkin kasbim bilan shug‘ullanmoqdaman. Prezidentimiz shunday yo‘l ochib berdilarki, hozir istagancha ishchi olib hunarmandchilik qilish mumkin. Ilgari 30-40 foizgacha soliq to‘laganmiz. Hozir atigi 4 foiz to‘laymiz. Hozirgi yoshlar o‘tmishni ko‘rishmagani uchun bugungi kun aslida shunday bo‘lishi kerakdek, o‘ylashadi. Biz uchun esa katta imkoniyat, baxtli hayot bu! Masalan, 7-8 yil avval eksport qilsak, valyutani davlatga majburiy sotar edik. Unda valyutaning bozor va davlat qiymatida ikki xissa farq bo‘lgan. Hozir esa eksport qilsak valyuta o‘zimizda qoladi, hatto yo‘l harajatining ellik foizini davlat to‘lab beradi. Eng muhimi - Prezident bizning muammo va takliflarimizni tinglayapti. Hozir menda, Hunarmandlar markazining o‘zida 500 nafar ishchim, Qo‘shtepa, Yozyovonda korxonalarimiz bor. Qashqadaryoning Shahrisabz, Jizzaxning Baxmalida sexlarimiz ishlab turibdi. Jami ikki mingga yetdi ishchimiz. Bu avvalo Prezidentimizning yaratib bergan sharoiti, farmon va qarorlari tufaylidir. Tajribamdan kelib chiqib shuni aytmoqchimanki, zavod-fabrikalar kompyuterlashgan yirik sanoat dastgohlarida ish yuritadi. Biz esa barcha ishni qo‘lda bajaramiz. Menimcha, soliq tizimida sanoat yo‘nalishi va qo‘l mehnati mahsulotlari tabaqalanishi lozim.

Hunarmandga, tadbirkorga yaratilgan sharoitga shukrona qilishimiz kerak va har birimiz xalqimiz, vatanimiz, oilamiz uchun astoydil, fidoiylik bilan ishlashimiz lozim.

<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/USYIctS3vu4" title="Prezident bilan uchrashsam..." frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>

Muhammadjon Obidov, (video) Elyor Olimov,O‘zA