Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 20 avgust kuni biz, tadbirkorlar bilan o‘tkazgan uchrashuvdan judayam ta’sirlandim. Bu uchrashuv biz tadbirkorlar qalbining tubidagi, amalga oshirilishi orzu bo‘lgan istaklarini ro‘yobga chiqargan kun desam mubolag‘a bo‘lmaydi.
Men 2009 yilda faoliyatimni 4 ta ishchi bilan boshlagan paytlarimni esladim. U paytlarda men bu islohotlarni amalga oshirilishini xayolimga ham keltirmaganman. 2019 yilda Prezidentimiz korxonamizga tashrif buyurganlarida u kishining ishonchlaridan ruhlanib, korxonamizni yanada kengaytirib ishchilarimiz sonini 2000 nafarga yetkazdik. Korxonamizning sof daromadi 200 milliard so‘mga yetdi. Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Muhtaram Prezidentimiz biz, tadbirkorlar duch kelayotgan muammolarni qalban his etgan holda, bizlar orzu qilgan imtiyozlarni joriy etdilar.
Tadbirkorlarning uzoq muddatli resurs bazasini shakllantirish uchun banklarga “Tiklanish va taraqqiyot” jamg‘armasidan bozor tamoyillari asosida qo‘shimcha 600 million dollar ajratilishi, joriy yilning 1 oktyabridan mikromoliya tashkilotlarini litsenziyalash tartibi to‘liq bekor qilinishi, endi ular faoliyatini boshlashi uchun faqatgina Markaziy bank reyestriga kirishlari kifoya ekanligi, ichki bozorda teng raqobat bo‘lishi uchun eksport mahsulotlarini ishlab chiqarish uchun olib kelingan hom-ashyo import bojidan ozod etilishi, chetdan olib kelingan tovarlar uchun qo‘shilgan qiymat solig‘ini 120 kun davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lashda tadbirkorlarga foiz hisoblanmay, garov talab etilmasligi, “Maxsus iqtisodiy zonalar to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingunga qadar iqtisodiy zonalarda ro‘yxatdan o‘tgan tadbirkorlarga berilgan imtiyozlar saqlanib qolinishi, tashqi savdo operatsiyalari bo‘yicha debitor qarzdorligi mavjud bo‘lgan tadbirkorlik sub’ektlariga jarima solish va bugungi kungacha qo‘llangan jarimalarni undirish, joriy yil yakuniga qadar to‘xtatilganligi, 2022 yil 1 yanvardan boshlab, soliq idoralari o‘z elektron dasturlari orqali biznes sub’ektlariga hisobotlarini shakllantirish xizmatini yo‘lga qo‘yishi, hisobotlarni kechiktirib topshirish bilan bog‘liq moliyaviy sanksiyalarni qo‘llash tartibi esa to‘liq bekor qilinganligi, kelgusi yil 1 yanvardan boshlab, qiymati 200 milliard so‘mga teng loyihalar bo‘yicha elektr, tabiiy gaz, suv tarmoqlari va yo‘l infratuzilmasini yetkazib berish to‘liq davlatning zimmasida bo‘lishi,tadbirkorlarni elektr tarmog‘iga ulash muddati 20 kilovattgacha bo‘lgan quvvatlar uchun – 10 kun, 50 kilovattli quvvatlar uchun esa 20 kun etib belgilanishi, agar elektr ta’minoti korxonasi ishlarni muddatida yakunlamasa ular tadbirkorlarga kompensatsiya to‘lashi, aylanma mablag‘ yetishmasligining oldini olish uchun «Eksportni qo‘llab-quvvatlash» jamg‘armasi tashkil etilishi va eksport uchun 1 million dollargacha moliyalashtirish mexanizmlari yo‘lga qo‘yilishi, yuqori sifat va nazorat tizimiga ega mamlakatlar ro‘yxati shakllantirilib ularda sertifikat berilgan asbob-uskuna va xomashyolarga O‘zbekistonda milliy sertifikat olish amaliyoti bekor qilinishi, kelgusi yildan boshlab tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun barcha ruxsat etuvchi hujjatlar, «onlayn» tarzda rasmiylashtirilishi, joriy yil yakuniga qadar litsenziya yoki ruxsatnomalar soni, yana kamida 30 foizga qisqartirilishi, joriy yilning 1 noyabridan barcha texnik talablarga to‘la javob beradigan, zamonaviy induksion pechlardan foydalanishga qo‘yilgan cheklovlar bekor qilinganligi kabi imtiyozlar faqat meni emas, balki butun O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarni yanada ruhlantirdi desam mubolag‘a bo‘lmaydi. Endi kelgusida tadbirkorlik qilmoqchi bo‘lgan yurtdoshlarimda men tadbirkorlikni boshlagan paytlarimda boshimdan o‘tgan his-tuyg‘u yoki qo‘rquv bo‘lmasligiga to‘liq amin bo‘ldim.
Yana bir narsani g‘urur bilan ayta olamanki, endi biz tadbirkorlar ham boshqa soha vakillari singari kasb bayramimiz ya’ni 20 avgust kunini “Tadbirkorlar kuni”ni bayram sifatida nishonlaymiz.
Yurtboshimiz bilan ochiq muloqot shaklidagi uchrashuvdan ilxomlanib, men kelgusida yuqori marralarni ko‘zlab korxonani yanada kengaytirib, yangi loyihalarni amalga oshirishni va yana 4 mingta yangi ish o‘rni yaratishni hamda davlat byudjetiga yiliga 300 milliard so‘m miqdorida tushumlar tushurishni maqsad qildim.
Bu islohotlar bizga yuksak imkoniyatlar berish bilan birga katta mas’uliyatni ham yuklaydi, chunki “Tadbirkor nafaqat o‘zini va oilasini, balki xalqni ham, davlatni ham boqadi” deganlar yurtboshimiz.
Yana bir narsani hamkasblarimga, tadbirkorlikni endi boshlamoqchi bo‘layotgan yurtdoshlarimga aytmoqchimanki, tadbirkorlarga berilgan yigirmadan ortiqroq imtiyoz va imkoniyatlar bilan birga nazorat organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatiga aralashuvlarni bekor qilish bo‘yicha topshiriq berdilar hamda Prezidentimiz “Tadbirkor adolatli mehnat qilsa, marhamat, boy bo‘lsin”, o‘tmishdagi kabi qo‘rquv bilan emas, balki ochiq halol mehnat qilib, xalqqa xizmat qilib, bag‘ri keng tadbirkor bo‘lish kerak’’ degan so‘zlarini doim yodimizda saqlab, o‘zimizga shior qilib, shunga amal qilsak, albatta ishlarimiz barakali, turmushimiz halovatli bo‘ladi.
Muhiddin Normatov
“Sirdaryo Mega Lyuks” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari
O‘zA