Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahrida o‘tayotgan Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki Boshqaruvchilari kengashining to‘qqizinchi yillik yig‘ilishida nutq so‘zladi.
– So‘nggi yillarda Yangi O‘zbekistonda ortga qaytmas tus olgan islohotlar va tub o‘zgarishlar jadal amalga oshirilmoqda. Biz iqtisodiyotni liberallashtirish, xalqimizning turmush darajasi va farovonligini yuksaltirishga asosiy e’tibor qaratyapmiz. O‘tgan davrda yalpi ichki mahsulotimiz hajmi 2 barobar ko‘payib, ilk bor 100 milliard dollardan oshdi. Kelgusi besh yilda bu raqamni 160 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz,– dedi Prezident. – Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad – mamlakatimizni aholisi daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan mamlakatlar qatoriga olib chiqishdir. Ushbu maqsadlarga erishish uchun oldimizga katta-katta marralarni qo‘yganmiz.
To‘rt yil ichida mamlakatimizdagi kambag‘allik darajasini 23 foizdan 11 foizga tushirishga erishilgani ta’kidlandi. Joriy yil bu ko‘rsatkichni 9 foizgacha, 2030 yilga qadar esa 2 barobar pasaytirish maqsad qilingan.
–Bizning islohotlarimiz tub negizida tadbirkorlikni faol qo‘llab-quvvatlash, odamlarimiz uchun barcha sohalarda yangi ish o‘rinlarini va daromad manbalarini ko‘paytirishdek ustuvor vazifa mujassam. Shu bilan birga, aholining sifatli ta’lim va tibbiy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ijtimoiy himoyani kuchaytirish, eng og‘ir hududlarda infratuzilma tarmoqlarini barpo etishni qamrab olgan “ko‘p o‘lchovli” kambag‘allikni qisqartirish dasturini amalga oshiryapmiz.
Shu bois ilg‘or xorijiy yondashuvlar asosida eng quyi bo‘g‘in – mahalla darajasiga tushgan holda kambag‘allikni qisqartirish bo‘yicha O‘zbekiston tajribasini yaratdik. Yaqinda iqtisodiyot bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori janob Abxijit Banerji “O‘zbekistondagi mahalla tizimi har bir muhtoj oilani kambag‘allikdan olib chiqish bo‘yicha o‘zining noyob retseptiga ega”, deb ta’kidlagani ham bejiz emas”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zA