Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Prezident archasi” tantanalari boshlandi
12:17 / 2022-12-29

Poytaxtimizdagi “Tomosha” bolalar teatr-studiyasida “Prezident archasi” tantanalari boshlandi. Shu munosabat bilan “Tomosha” bolalar teatr studiyasiga “Sos-Bolalar mahllalari”, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, oilaviy bolalar uylari, ehtiyojmand oilalar farzandlari taklif etildi.

Aholini kuchli ijtimoiy himoyalash borasida olib borilayotgan islohotlar jarayonida bolalarni oilaviy muhitda voyaga yetkazish masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning bu ibratli tashabbusi bugungi kunda mamlakatimizda keng quloch yoygani e’tiborlidir.  

[gallery-10122]

Yurtimizdagi barcha Mehribonlik uylari Milliy gvardiya tomonidan otaliqqa olindi. Har bir ko‘ngli yarim o‘g‘il-qizning bekami-ko‘st kamol topishi, milliy an’ana va qadriyatlar ruhida ulg‘ayishi, ta’lim olishi, jamiyatga integratsiyalashuvi davlatimiz rahbarining doimiy e’tiborida bo‘lib kelmoqda. “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili” deb nom olgan 2023 yilda bu boradagi ezgu ishlar hajmi yanada kengayishi, yangicha ma’no-mazmun bilan boyishi ahamiyatlidir.  

– Bu yil “Prezident archasi” tantanalariga o‘ttiz yil to‘ldi, – dedi O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi bolalarni ijtimoiy himoyalash boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ro‘zibek To‘rayev. – Shu sabab bu yil bayramni yanada baland ruhda o‘tkazish uchun Xalq ta’limi vazirligi tegishli vazirlik va idoralar, hokimliklar tomonidan alohida tayyorgarlik ko‘rildi.  

Darhaqiqat, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan, ota-onalari Vatan sarhadlarini himoya qilish yo‘lida qurbon bo‘lgan harbiy xizmatchilarning bolalari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari ishtirokida har yili Yangi yil bayrami oldidan an’naviy tarzda “Prezident archasi” tadbiri o‘tkazib kelinadi.  

2022 yilgi “Prezident archasi” tadbiriga Xalq ta’limi vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, huquqni muhofaza qilish organlari taqdim etgan ro‘yxatlar asosida 3-15 yoshdagi 9 ming 873 nafar o‘g‘il-qizlarning ro‘yxati shakllantirildi. Ularga 10,2 milliard so‘mlik homiylik mablag‘lari hisobidan “Prezident sovg‘asi” tayyorlanib, joylarga yetkazildi.  

20-25 dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarga “Prezident sovg‘asi” yetkazildi. 29-30 dekabr kunlari viloyat hokimliklari, sektor rahbarlari va xalq ta’limi boshqarmalari tomonidan respublikaning barcha hududlarida “Prezident archasi” tadbirlari tashkil qilinadi hamda bolalarga “Prezident sovg‘asi” tarqatiladi.  

Ma’lum sabablarga ko‘ra, bayram tadbirlariga kela olmagan  bolalar uchun sovg‘alar hokimlik, sektorlar vakillari, milliy gvardiya va xalq ta’limi vakillari tomonidan ularning uylariga borgan holda tantanali tarzda topshiriladi.  

Hududlarda bo‘lib o‘tadigan “Prezident archasi” tadbirlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida Ichki ishlar, Favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda boshqa tegishli tashkilotlar tomonidan zarur ehtiyot choralari ko‘rilgan. 

“Tomosha” bolalar teatr studiyasida musiqa sadolari yangraydi! Bu yerda bolajonlar uchun “Tomosha” bolalar teatr-studiyasi tomonidan sahnalashtirilgan “Yangibekning orzusi” nomli teatr tomoshasi namoyish etildi.  

Mazkur bayram dasturi O‘zbekiston milliy teleradiokompaniyasining “Bolajon” va “Aqlvoy” telekanallari tomonidan bayram kunlari tashkil etiladigan Yangi yil telemarafoni doirasida namoyish etiladi.  

“Tomosha” bolalar teatr studiyasida o‘tkazilayotgan “Prezident archasi” tadbirining takroriy seanslari joriy yilning 29-30 dekabr kunlari soat 10:30 va 13:30 larda bo‘lib o‘tadi.  

Yangi yil tomoshalari nihoyasida barcha bolalarga “Prezident sovg‘asi” topshirildi.  

 

Nazokat Usmonova,  

Davron Ernazarov (suratlar)  

O‘zA muxbiri