“Prezident archasi” tantanali tadbiri kattayu kichikning qalbiga birdek zavq, hayajon, entikish bag‘ishlashi shubhasiz. Mana, salkam o‘n yildirki, mamlakatimizda davlatimiz rahbari g‘oyasi asosida "Prezident archasi" tantanalari o‘zgacha shukuh, ko‘tarinki kayfiyat bilan nishonlanmoqda.
Poytaxtimizdagi "O‘zbekiston" xalqaro anjumanlar saroyida tashkil etilgan "Prezident archasi" tantanalari kichkintoylarga zavq, shodlik bag‘ishladi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tashkil etilgan ushbu tantanali tadbirga Mehribonlik uylari, maxsus maktab-internatlar, oilaviy bolalar uylarining kichkintoylari, serfarzand, alohida ehtiyojli bolalar taklif etildi.
...Saroy foyesidagi ulkan archa atrofida bolalar qo‘shiq va she’rlar aytishmoqda. Shu yerning o‘zida badiiy ijod bilan shug‘ullanish, rasm chizish, turli qiziqarli o‘yinlar o‘ynash uchun zarur sharoitlar yaratilgani e’tiborga molik.
[gallery-26900]
Aytish kerakki, keyingi yillarda ta’lim sohasini tubdan isloh qilish, uni yangicha ma’no va mazmun bilan boyitish borasida katta hajmdagi islohotlar olib borilmoqda.
Mamlakatimizda yosh avlodni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning qalbida quvonch va umid uyg‘otish davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi. Ana shu g‘amxo‘rlik va e’tiborning yorqin ifodasi sifatida tashkil etib kelinayotgan “Prezident archasi” bayram tadbirlari bolajonlarning eng sevimli va intiqlik bilan kutgan bayramlaridan biridir.
Mazkur bayram tadbirlarini mazmunli, ko‘tarinki ruhda va yuqori saviyada o‘tkazish maqsadida Ijtimoiy himoya milliy agentligi tomonidan tegishli vazirlik va idoralar bilan hamkorlikda tizimli va samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, bolalar uchun bayramona muhit yaratish, ularni sifatli sovg‘alar bilan quvontirish hamda har bir bolaning e’tibordan chetda qolmasligini ta’minlashga alohida ahamiyat qaratilmoqda.
Jumladan, Mehribonlik va Muruvvat uylari tarbiyalanuvchilari, “SOS – bolalar mahallalari”, Oilaviy bolalar uylarida tarbiyalanayotgan bolalar, shuningdek, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda yurtimiz tinchligi va osoyishtaligi yo‘lida halok bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarining farzandlari uchun maxsus "Prezident sovg‘alari" tayyorlandi.
Jami 11 ming 125 dona ana shunday sovg‘alar shakllantirilib, ular tarkibiga bolalarning ta’lim olishi va bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazishiga xizmat qiluvchi 24 nomdagi o‘quv qurollari, shuningdek, bolajonlar sevib iste’mol qiladigan 34 nomdagi shirinlik mahsulotlari kiritildi.
Ayni paytda Prezident sovg‘alari mamlakatimiz hududlari bo‘ylab belgilangan manzillarga yetkazilmoqda. Ushbu tashabbus bolalar qalbida Yangi yil shodiyonasini yanada oshirish, ularning ertangi kunga bo‘lgan ishonchi va orzularini mustahkamlashga xizmat qiladi. Davlatimiz rahbarining yosh avlodga bo‘lgan doimiy e’tibori va g‘amxo‘rligi natijasida bunday xayrli tadbirlar kelgusida ham izchil davom ettirilishi belgilangan.
Muhtasham “O‘zbekiston” xalqaro anjumanlar saroyida sho‘x musiqa yangraydi.
–“Prezident archasi” bayramida birinchi marta qatnashmoqdaman, – dedi Toshkent shahridagi oilaviy bolalar uyi tarbiyalanuvchisi, 9 yoshli Shahrizoda Alyorbekova. – Bayram barcha o‘rtoqlarim kabi menga ham juda manzur bo‘ldi. Biz rasmlar chizdik, raqsga tushdik, turli qiziqarli o‘yinlar o‘ynadik.
–Bugungi “Prezident archasi” tadbirini bolajonlarimiz orziqib kutishgan edi, – dedi poytaxtimizdagi A.Xlebushkina nomidagi 22-Mehribonlik uyi direktori Dilfuza Jo‘rayeva.– Ular bayramga ancha avval – hali dekabr oyi boshlanmasidan tayyorgarlik ko‘rdilar. She’rlar, ashulalar o‘rgandilar, Yangi yil mavzusida turli rasmlar chizdilar.
Bayram avjida. Ko‘rkam archa atrofidagi sho‘x o‘yin-kulgilar, ertak qahramonlari, sirk san’ati ustalari bilan uchrashuvlar kichkintoylarga unutilmas zavq bag‘ishladi. Eng asosiysi, jajjilar ushbu bayram misolida Vatanimiz, davlatimiz va jamiyatimiz, xalqimizning mehrini yana bir bor his etdi.
Tantanali tadbirda bolalarni bilim va ma’rifat, yaxshilik, mehr va oqibatga, vatanparvarlikka undovchi musiqali teatrlashtirilgan tomosha kichkintoylar e’tiboriga havola etildi. Bularning barchasi ijtimoiy-tibbiy holatidan qat’i nazar, barcha bolalar davlatimiz e’tibori va ardog‘ida ekanining amaldagi yorqin namunasi.
Nazokat Usmonova, Sarvar O‘rmonov (surat), O‘zA muxbirlari