Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Prezident archasi” bolajonlarga shodlik ulashdi
04:08 / 2022-12-30

Yangi yil bayrami kichkintoylar orziqib kutadigan, olam-olam taassurotlar qoldiradigan sevimli bayram. Xalqimizga xos bolajonlik, yuksak insonparvarlik, mehr-oqibat ifodasi sifatida an’anaviy tarzda topshirib kelinayotgan Prezident sovg‘alari Namanganda ham bolajonlarga unutilmas xursandchilik ulashmoqda.

“Prezident archasi” bayram tantanalari bolajonlar uchun unutilmas onlarni tuhfa etdi. Bayram tadbiriga oilaviy bolalar uylari, ota-ona qarovisiz qolgan chin yetim bolalar, Vatanimiz tinchligi va xavfsizligi yo‘lida qurbon bo‘lgan huquqni muhofaza qilish idoralari xodimlarining farzandlari, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning dilbandlari taklif etildi.

[gallery-10132]

Namangan viloyati hokimi, Oliy Majlis Senati a’zosi Shavkat Abdurazzoqov kichkintoylarni Yangi yil bayrami bilan tabriklab, ezgu tilaklarini izhor qildi. Sektor rahbarlari, davlat va jamoat tashkilotlari vakillari ishtirokida 3-15 yoshli 278 nafar o‘g‘il-qizning har biriga O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, ixtisoslashtirilgan “Bolalar uyi”ning 28 nafar tarbiyalanuvchisiga ham “Prezident sovg‘asi” yetkazildi.

– Ichki ishlar bo‘limi fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘linmasida inspektor lavozimida xizmat qilib kelgan turmush o‘rtog‘im Azimjon Rahmonov ayni navqiron, kuchga to‘lgan yoshida vafot etdi, – deydi Pop tumanida yashovchi Shoxsanam Sattorova. – Ayni paytda ikki nafar farzandimni o‘stiryapman. Mutaxassisligim ingliz tili o‘qituvchisi. Erim vafotidan keyin tuman IIB xotin-qizlar masalalari bo‘yicha inspektori vazifasiga ishga kirdim. Niyatim,  umr yo‘ldoshimizning xayrli ishlarini davom ettirish. Hukumatimiz bizdek oilalarga ham alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatib kelayotganidan minnatdorman. “Prezident archasi”ga taklif etishganidan ayniqsa, beg‘uborgina jajji o‘g‘limning ko‘ngli tog‘dek ko‘tarildi. Prezidentimiz tomonidan o‘quv qurollari, turfa shirinliklar va kitoblardan iborat Yangi yil sovg‘alari jo‘natilgani chinakam tuhfa bo‘ldi.  

Bayram tadbirda viloyat musiqali drama teatri tomonidan sahnalashtirilgan “Vaqt kaliti” nomli ertak-spektakli tomoshalari va quvnoq kuy-qo‘shiqlar bolajonlar qalbini shodlikka to‘ldirdi.

 

Oqilxon Dadaboyev, Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA