FOTOREPORTAJ
Farg‘ona shahrida joylashgan Islom Karimov nomidagi teatr-konsert saroyida “Prezident archasi” bayram tantanasi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Tadbir bolajonlarga unutilmas onlar va iliq taassurotlar ulashdi.
Darhaqiqat, har bir bayram bolalar bilan go‘zal. Ularning xursandchiligi – baxtimiz, tabassumlari – quvonchimizdir. Yangi yil arafasida jajji bolajonlar ko‘ngliga shodlik ulashish, davlatimizning g‘amxo‘rligini namoyon etish maqsadida “Prezident sovg‘asi” topshirildi.
[gallery-26912]
Tadbirda viloyatdagi oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, ota-ona qarovisiz qolgan o‘g‘il-qizlar, shuningdek, Vatan tinchligi va xavfsizligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning farzandlari ishtirok etdi.
Marosimda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bolajonlarni kirib kelayotgan Yangi yil bilan qutlab, ularga samimiy tilaklar bildirdi hamda Prezident sovg‘alarini topshirdi.
So‘ng “Mo‘’jizaviy Yangi yil sayohati” nomli teatrlashtirilgan badiiy dastur namoyish etildi. Qiziqarli sahna ko‘rinishlari, qahramonlar va musiqiy chiqishlar bolalarga yanada ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish kerak, Farg‘ona viloyatida oilaviy bolalar uylari tarbiyalanuvchilari, Vatan sarhadlarini himoyalash yo‘lida jon fido qilgan harbiylar hamda boquvchisini yo‘qotgan oilalarning jami 913 nafar farzandiga Prezident sovg‘alari topshirilmoqda.
Muqimjon QODIROV (surat), O‘zA