Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Prezident archasi”: bolajonlarga olam-olam quvonch bag‘ishladi
14:46 / 2024-12-30

Andijon shahridagi viloyat bolalar qo‘g‘irchoq teatrida “Prezident archasi” bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda so‘z olgan Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov tadbir qatnashchilari – bolajonlarni yangi yil bayrami bilan muborakbod etdi. Mamlakatimizda yosh avlodga ko‘rsatilayotgan alohida e’tibor va g‘amxo‘rlik, ularning sog‘lom va barkamol voyaga yetishi uchun keng imkoniyatlar yaratib berilayotganligi, bu borada Andijon viloyatida ham ibratli ishlar  olib borilayotganligini ta’kidladi.

Yangi yil bayrami arafasida o‘tkazilgan “Prezident archasi” shodiyonalarida ishtirok etgan “Muruvvat uyi” tarbiyalanuvchilari, nogiron, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar farzandlari, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar hamda Vatan himoyasi yo‘lida qurbon bo‘lgan ichki ishlar xodimlari, harbiy xizmatchilarning farzandlariga olam-olam quvonch bag‘ishladi.  

– “Prezident archasi” bayram tadbiri menga va do‘stlarimga bir olam quvonch bag‘ishladi, – deydi tadbir ishtirokchisi, Asaka tumanidagi 37-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Diyorbek Xudoyberganov. – Bizga shunday chiroyli bayramlar o‘tkazib, sovg‘alar berayotgan Prezident bobomizga mingdan-ming rahmat.

Bayram tadbirida Qorbobo, Qorqiz hamda turli ertak qahramonlari ishtirokidagi teatrlashtirilgan tomoshalar, bolalar musiqa va san’at maktablari, badiiy jamoalar tomonidan ijro etilgan kuy va qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat ulashdi.  

Ishtirokchilarga olam-olam quvonch bag‘ishlagan ushbu tantanada viloyat hokimi bolajonlarga turli o‘yinchoqlar, o‘quv qurollari va shirinliklardan iborat Prezident sovg‘alarini topshirdi.

Yangi yil bayrami munosabati bilan viloyatdagi 645 nafar bolaga Prezident sovg‘alari topshiriladi.

F. Ubaydullayev, Z.Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari