Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Prezident archasi bayrami bolalarga bir olam shodlik ulashdi
12:26 / 2025-12-26

Sirdaryo viloyati musiqali drama teatrida an’anaga aylangan Prezident archasi bayrami ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Yangi yil arafasida uyushtirilgan mazkur tadbir viloyatning barcha hududlaridan kelgan yuzlab bolajonlarga quvonch va esda qolarli taassurotlar baxsh etdi.

 

Tadbirda Sirdaryo viloyati hokimi Erkinjon Turdimov ishtirok etib, bolajonlarni samimiy tabrikladi. Viloyat rahbari o‘z nutqida har bir bolaning baxtli, sog‘lom, bilimli va ma’naviyatli bo‘lib voyaga yetishi mamlakat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri ekanini ta’kidladi. Shuningdek, kelajak egalari bo‘lgan yosh avlodga ezgu tilaklar bildirib, ularning oilasi va ustozlari mehnatini alohida e’tirof etdi.

Bu yilgi Prezident archasi bayramida viloyatning 11 ta tuman va shahridan tashrif buyurgan 340 nafar bola ishtirok etdi. Ular orasida mehnatkash va kam ta’minlangan oilalar farzandlari, yosh ijodkorlar, ta’limda alohida yutuqlarga erishgan o‘quvchilar ham bor. Tadbir doirasida bolalarga Prezident sovg‘alari tantanali ravishda topshirildi. Sovg‘alarni qabul qilayotgan bolalarning quvonchli qiyofasi butun zalga yanada yorqin bayram ruhini ulashdi.

Teatr ham Yangi yil kayfiyatida bezatilgan bo‘lib, sahnada rang-barang yorug‘liklar, maxsus tayyorlangan kompozitsiyalar, qorbobo va qorqizning chiqishlari, raqs va qo‘shiqlar bilan boyitilgan sahna ko‘rinishlari tomoshabinlarga bayramona kayfiyat hadya qildi. Bolalar uchun tayyorlangan interaktiv o‘yinlar, qo‘shiq va raqslar barcha ishtirokchilarning quvonchiga quvonch qo‘shdi.

Bayram yana bir ezgu an’ana — g‘amxo‘rlik va mehr-shafqat timsoli sifatida o‘tdi. Chunki bunday tadbirlar nafaqat bolalar uchun bayram shodiyonasi, balki ularning qalbida mehr, e’tibor va e’zoz tuyg‘usini kuchaytiradi. Eng muhimi, Sirdaryoda o‘tkazilgan Prezident archasi tadbiri, shubhasiz, har bir bolaning xotirasida iliq, samimiy va unutilmas lahza sifatida saqlanib qoladi.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri