FOTOREPORTAJ
Mamlakatimiz ta’lim tizimini rivojlantirish, uning samaradorligi va sifatini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu jarayon, avvalo, o‘quv maskanlarida yaratilayotgan qulay sharoitlar va zamonaviy infratuzilmaga bevosita bog‘liq. Shu bois ta’lim sohasidagi bunyodkorlik va islohotlar davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida izchil davom ettirilmoqda. Shu maqsadda Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Hilola Umarova Namanganga tashrif buyurib, ta’lim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi.
[gallery-26146]
Dastlab Davlatobod tumanidagi “Yangi O‘zbekiston” massivida barpo etiladigan, o‘qituvchilar malakasini oshirish, innovatsion ta’lim metodlarini amaliyotga keng tatbiq etishda muhim maskan bo‘lib xizmat qiluvchi Pedagogik mahorat markazi loyiha taqdimoti bilan tanishildi. Hilola Umarova viloyat hokimi Shavkat Abdurazzoqov bilan birgalikda 65 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ evaziga quriladigan 1000 o‘rinli maskan loyihasini ko‘zdan kechirdi.
To‘raqo‘rg‘on tumanidagi agrotexnologiyalar texnikumi hamda Uychi tumanidagi 1-politexnikum faoliyati o‘rganilib, o‘quvchi-yoshlarning fikr-mulohazalariga quloq tutildi. Namangan davlat texnika universiteti To‘qimachilik sanoati injiniringi fakultetida tashkil etilgan texnoparkida sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishildi. Namangan shahridagi 3-umumta’lim maktabi ham Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari e’tiborida bo‘ldi.
2135 nafar o‘quvchi tahsil olayotgan ushbu muassasa sobiq bitiruvchisi homiyligida kapital ta’mirdan chiqarilib, qisqa muddat ichida zamonaviy qiyofa kasb etdi. Tadbirkor tomonidan 15 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan muassasada amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari yuqori baholandi.
“Sinergiya” raqamli kasblar texnikumiga tashrifda esa yo‘nalishlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, 250 ming AQSH dollari miqdorida bajarilgan IT-eksport xizmati hamda istiqbolli rejalar bo‘yicha taqdimotlar bilan tanishildi.
Hotam MAMADALIEV(surat),O‘zA