FOTOREPORTAJ
Surxondaryo viloyati Oila va xotin-qizlar boshqarmasi tomonidan Qumqo‘rg‘on tumaniga press-tur tashkil etildi. Unda viloyat hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zulxumor Xidirova, OAV vakillari, bosma nashrlar muxbirlari, blogerlar va hamkor tashkilotlarning matbuot kotiblari ishtirok etdi.
Press-tur ishtirokchilarining ilk manzili “Boymoqli baraka chevarlari” tikuvchilik korxonasi bo‘ldi.
“Ayolar daftari”ga kiritilgan 20 nafar xotin-qiz ushbu korxonada bolalar uchun kiyim-kechaklarni buyurtma asosida tikish bilan shug‘ullanadi. Ular dastlab shu yerning o‘zida qisqa muddatli o‘quv kurslarida kasbga o‘qitilib, so‘ng doimiy ish bilan ta’minlangan.
Keyingi manzil Boymoqli mahallasida joylashgan 2-sektor shtabida tashkil etilgan Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi bo‘ldi.
Markazda tikuvchilik, to‘quvchilik, quroqchilik, kashtachilik, chopon va ko‘rpa qavish yo‘nalishlarida xotin-qizlarga kasb-hunar o‘rgatiladi. Hozirda 60 nafarga yaqin xotin-qiz ushbu maskanda mahorat oshirmoqda.
[gallery-9466]
Press-tur davomida markazda faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar uchun yaratilgan shart-sharoitlar bilan yaqindan tanishildi, ular bilan dildan suhbat qurildi.
Hozirda markazda tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan, ko‘rpacha, chopon tikish, kashtachilik hamda quroqchilik bilan shug‘ullanayotgan 10 nafar ayol “Ustoz-shogird” an’anasi asosida yosh qizlarga o‘z hunari sir-asrorlarini o‘rgatmoqda.
Press-tur ishtirokchilari shuningdek, Azlarsoy mahallasida yashovchi Komila opa Oynaboyeva xonadonida bo‘ldi. Komila opa joriy yilning aprel oyida xotin-qizlar muammolarini o‘rganish maqsadida tashkil etilgan xatlov jarayonlarida “Ayollar daftari”ning tadbirkorlik qilish istagida bo‘lgan ehtiyojmand ayollar toifasiga kiritilgan. U imtiyozlardan foydalanib, bankdan olgan 20 million krediti hisobidan o‘z tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Hozirda kaliforniya yomg‘iri chuvalchanglarini boqib biogumus yetishtirish bilan shug‘ullanmoqda.
– Daromadim oyiga 10 millionni tashkil etmoqda, - deydi Komila Oynaboyeva. – Kreditimni hech qanday muammosiz to‘lab boryapman. Bundan tashqari parrandachilik quyonchilik, chorvachilikni yo‘lga qo‘yganman. Izlagan, mehnat qilgan odam hamisha maqsadiga erishadi.
Jonibek QO‘ZIMURODOV (surat), O‘zA