Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
PRESS-TUR: Sardobaning asov suvi talafotini eslatuvchi manzaralar...
16:27 / 2020-05-18

Oqoltin tumanining toshqindan talafot koʻrgan hududiga kirib boryapmiz.

(Birinchi maqola)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Favqulodda vaziyatlar va Mudofaa vazirliklari bilan hamkorlikda OAV vakillari uchun Sirdaryo viloyatidagi “Sardoba” suv ombori oʻpirilishi oqibatida ziyon yetgan tumanlar boʻylab press-tur uyushtirdi.

Fojianing boshi

Oqoltin tumanining toshqindan talafot koʻrgan hududiga kirib boryapmiz. Yoʻlning ikki tomonida kishi etini junjiktiradigan manzara. Garchi, fojia koʻlamini boricha koʻz oldimizga keltira olmasak-da, tasavvur qilishga urindik. Loyqa suv bosgan dalalar, ekin maydonlari, vayrona holga kelgan qishloqlar, madaniy, maishiy xizmat koʻrsatish obyektlari, korxona, tashkilotlar binolari... barini tiklash oson kechmasligi tayin.

Kabinasi bir tomonga, tirkamasi boshqa tomonga ayrilgan ulkan yuk mashinalari, uzoqdan suvda chayqalib turgan kichik kema misol koʻzga tashlanadigan yengil avtomobillar, atrofda sochilib yotgan, har biri 1-1,5 tonna keladigan lotok – temir-beton ariqlar asov suv qay darajada katta kuch bilan yoʻlida uchragan narsani olib oqqanidan, vayron qilganidan darak beradi...

Bu manzaradan koʻnglimiz xijil boʻlib turganda hamrohimiz – Favqulodda vaziyatlar vazirligi masʼul xodimi oramizda ayrim eʼtiborsiz, begʻam kishilar ham borligidan yozgʻirib qoldi.

– Bu yoqqa qaranglar. Mana shu bino xususiy korxonaga tegishli. Toshqin boshlangan zahoti korxona rahbarlarini ogohlantirdik, hamma narsani koʻchirish lozimligini tayinladik. Buning uchun vaqt borligini aytdik. Afsuski, ular yirik texnika vositalarini evakuatsiya qilmadi. Suv temirga ziyon yetkaza olmaydi, deb oʻyladi. Koʻrib turganingizdek, “KamAZ”, qishloq xoʻjaligi ekinlariga ishlov berish uskunasi, bir necha yengil avtomobil ishdan chiqdi, mutlaqo yaroqsiz ahvolga keldi.

Dastlabki manzil – “Sardoba” suv omborining yorilgan nuqtasiga yaqin Oqoltin va Mirzaobod tumanlari kesishuvida joylashgan “Uchtom” mavzesidamiz. Bu yerdan toʻgʻon uncha uzoq emas.

– Markaziy Osiyoda 120 dan ziyod suv ombori boʻlib, shundan 70 tasi Oʻzbekistonda, – dedi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati xodimi Samandar Hikmatullayev. – Aksariyat, yaʼni 54 suv omborimiz qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish va elektr energiyasi ishlab chiqarish uchun xizmat qiladi. Qolganlari bezakli, yaʼni dam olish maskanlaridagi kichik koʻllardir. Maqsadli suv omborlari “Oʻzanli” va “Quyiluvchi” turlarga boʻlinadi. Oʻzanli – “Chorbogʻ” suv ombori togʻdan tushadigan suv yoʻlida barpo etilgan. Toʻgʻondan chiqadigan suv yana oʻzan boʻylab oqishda davom etadi. “Sardoba” quyiluvchi suv ombori hisoblanadi. Tekis yerda qurilgan va zaxira daryo suvi quyilishi natijasida hosil qilinadi.

Sardoba suv ombori Jizzax va Sirdaryo viloyatlarining 7 tumani qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorishga xizmat qilgan. Toʻgʻondan chiqadigan suv uchta tarmoq kanaliga quyilgan. 8,5 kilometr uzunlikdagi Markaziy, 4,5 kilometrlik Oʻng qanot va 3 kilometr masofaga choʻzilgan Chap qanot kanallarining har biri oʻz yoʻnalishidagi ekin maydonlarini sugʻorgan. Hozirda ushbu kanallarda tozalash-tiklash ishlari olib borilyapti.

Oʻzbekiston Respublikasi Suv xoʻjaligi vazirligi matbuot kotibi Shuhrat Suyunovning aytishicha, 3 kanaldan 2 tasiga jiddiy ziyon yetgan. Shu kunlarda talafot oqibatlarini bartaraf etishga vazirlik tizimidagi barcha tashkilotlar, viloyatlar boshqarmalari mutaxassislari, ishchi-xizmatchilari jalb etilgan. Obyektda 460 dan ziyod texnika, jumladan, 160 ekskavator ishlayapti. Sugʻorish mavsumi boshlanishiga oz fursat qoldi. Demak, shu uchta yirik kanal, qolaversa, ichki kanallar va sugʻorish inshootlarini mavsumga shay qilish eng dolzarb vazifa boʻlib turibdi.

– Biz 20 ekskavator, 3 buldozer va avtomashinalar bilan qiyin vaziyatda sardobaliklarni qoʻllab-quvvatlash uchun keldik, – dedi Qashqadaryo viloyati suv xoʻjaligi boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Abdugʻani Bahbedov. – Uch navbatga boʻlinib, kunu tun ishlayapmiz. Barcha sharoitlar yaratilgan, texnikalar uchun yoqilgʻi-moylash mahsulotlari oʻz vaqtida yetkazib berilmoqda. Tarmoq kanallarini betonlash ishlarini amalga oshiryapmiz. Maqsadimiz tez kunlarda, qisqa muddatda ekin maydonlarini suv bilan taʼminlashni yoʻlga qoʻyish. Sirdaryoliklar biz uchun begona emas. Hammamiz bir elmiz. Bunday vaziyatda shunchaki qarab turish bizga xos emas.

Press-tur ishtirokchilari ikkinchi manzil tomon yoʻl oldi. Bu haqda keyingi maqolamizda yozamiz.