Jizzax viloyatida O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi mahallabay ishlash va tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi hamda bir qator tashkilotlar hamkorligida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun mahallabay ishlash va hokim yordamchilari tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishtirish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Tadbir avvalida matbuot anjumani tashkil etildi.
Joriy yil 7 iyun kuni Prezidentimiz raisligida xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish masalalari muhokamasi bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilib, unda xizmatlar ko‘rsatishni rivojlantirish orqali aholi bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar, amalga oshirilishi zarur bo‘lgan loyihalar va yil yakuniga qadar rejalar atroflicha muhokama qilingan edi.
Ishsiz aholi bandligini ta’minlash, fuqarolarni o‘zini o‘zi band qilish, oilalar iqtisodini mustahkamlash uchun daromad manbaini yaratish maqsadida bir qator loyihalar hayotga tatbiq etilmoqda.
Parrandachilikni rivojlantirish, bu bilan aholi bandligini ta’minlash maqsadida – viloyatdagi mavjud 299 qishloq va mahalla fuqarolar yig‘iniga xorijda ishlab chiqarilgan eng so‘nggi rusumdagi 305 dona inkubator va elektr ta’minotida uzilish bo‘lganida uzluksiz ishlab turishini ta’minlash maqsadida elektr motorlar bilan ta’minlangan.
Tadbir ishtirokchilari Jizzax arxitektura va qurilish texnikumiga bordi.
– Texnikumda 500 nafar yigit-qiz tahsil oladi, – deydi Jizzax arxitektura va qurilish texnikumi direktori o‘rinbosari Mavjuda Aliyeva. – Barcha shart-sharoitlar bor. 200 o‘rinli yotoqxona, shuncha o‘rinli oshxona, kutubxona, o‘quv xonalari, mashg‘ulot xonalari, ustaxona, arxitektura va qurilish uchun zarur bo‘lgan texnika va jihozlar bilan to‘liq ta’minlangan. O‘quvchilarimiz yashash hududining uzoq-yaqinligiga qarab yotoqxona va issiq ovqat, kiyim bosh, stipendiya bilan ta’minlanadi.
[gallery-7713]
Maxsus daftarlar ro‘yxatiga kirgan, ehtiyojmand, kam ta’minlangan oilalarning a’zolari qisqa muddatli o‘quv kurslarida quruvchi, payvandchi, elektrik, g‘isht teruvchi, duradgor, bo‘yoqchi, suvoqchi va boshqa yo‘nalishlar bo‘yicha o‘qiydi.
Press-tur ishtirokchilari aholi bandligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish maqsadida Zarbdor tumanidagi “Sharq yulduzi” mahalla fuqarolar yig‘iniga bordi.
Ushbu mahalladagi mavjud 779 xonadonda 5 ming 362 nafar aholi istiqomat qiladi. O‘sish nuqtalari asosan dehqonchilik, chorvachilik, parandachilik, baliqchilik kabi sohalar hisoblanib, aholi bandligi ham asosan shu yo‘nalishlar asosida ta’minlanmoqda.
Mahalladagi “Zarbdor parranda” mas’uliyati cheklangan jamiyati respublika “Agrobank” ATB tomonidan 1 milliard 800 million so‘mlik kredit mablag‘lari evaziga tashkil etilgan bo‘lib, hozirda bu yerda 80 ming dona parhez go‘sht uchun mo‘ljallangan broller tovuq va jo‘ja parvarishlanmoqda.
– MCHJda ochirilgan broller jo‘jalarning 47 ming 200 donasi mahalladagi 41 ta xonadonga tarqatilgan va kooperatsiya usulida shuncha oila a’zosining bandligi ta’minlandi, – deydi hokim yordamchisi I.Erkaboyev. – Jo‘jalarni parvarishlash uchun yo‘l-yo‘riq ko‘rsatildi. Bu jo‘jalar 40-45 kun davomida, kamida 1,3-1,5 kilogrammgacha vazn to‘playdi. MCHJ tomonidan qilingan barcha sarf-xarajatlar qoplanibgina qolmay, kooperatsiya usuli jamiyatga kattagina foyda keltirib, jo‘jalarni boquvchilar ham 1,5 milliondan 3 milliongacha sof daromad oladi.
Tadbir ishtirokchilari mahalla hududida tashkil etilgan umumiy maydoni 5 gektarlik baliqchilik kompleksining qurilish jarayoni bilan ham yaqindan tanishdi.
Ayni paytda, bu yerda 1,8 gektar maydonga 120 ta hovuz qazilib, suv to‘ldirilgan va baliq chavoqlari tashlangan. Eng muhimi 30 xonadonga ana shu hovuzlar bo‘lib berilib, bandligi ta’minlandi. Loyiha to‘liq amalga oshirilsa, yana 53 xonadon uchun daromad manbai tashkil etilib, bandligi ta’minlanadi.
Ishtirokchilar Sharof Rashidov tumanidagi “Olmachi”, “Tuyoqli” va “Pastki So‘loqli” mahalla fuqarolar yig‘inlaridagi ishlar bilan tanishdi.
“Olmachi” MFYdagi 1 ming 234 xonadonda 7 ming 797 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Mahallaning o‘sish nuqtasi chorvachilik va yangi drayveri gulchilik hisoblanadi.
Dastlab “Gulchi opa tomorqa xizmatlari klasteri” MCHJga borildi. Bu yerda 120 sotixlik ko‘chatxona, 600 bosh parranda, 2 dona inkubator, 20 bosh Avstriyadan olib kelingan, sut olishga mo‘ljallangan zotdor echki, 60 bosh zotdor momiq quyon, jami 22 gektar turli daraxt, gul ko‘chatlari, ekinlar va maysa parvarishlanmoqda.
– Tibbiyot bilim yurtini bitirib, bor-yo‘g‘i 0,25 shtatda ishlar, olgan maoshim ishga borib kelishga ham yetmas edi, – deydi tuman Kengashi deputati, “Olmachi” MFY hokim yordamchisi, “Gulchi opa tomorqa xizmatlari klasteri” MCHJ rahbari Sh.Noriyeva. – Iqtisodiy qiyinchiliklar, bo‘sh vaqtim ko‘p bo‘lgani uchun gul ko‘chatlari yetishtirib, bozorga olib chiqib sotardim. Tadbirkorlikni ham gulchilikdan boshlaganman. 114 ta doimiy, 300 ga yaqin masumiy ish o‘rni yaratdim. 150 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti barpo etdim. Deputut bo‘ldim, hokim yordamchisi etib tayinlandim. Mahalladoshlarim bandligini ta’minlash uchun 1 milliard “Agrobank”dan, 1 milliard 200 million “Asaka” bankdan kredit oldik.
bugungi kunda mahalladagilarning 900 nafari chorvachilik bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsa, 120 xonadondagi issiqxonalarda turli gul, pomidor, bodring, ko‘katlar yetishtirilmoqda. 150 xonadon egalari esa parrandachilik bilan shug‘ullanmoqda.
Tumandagi “Tuyoqli” MFYdagi “Uchko‘prik” ko‘chasidagi S.Qo‘shmatov xonadonida 3 bosh sog‘in sigir, 12 bosh qo‘y, 5 bosh quyon, 30 dona zotdor tovuq, 2 quti asalari, 3 sotix issiqxona va 5 sotixli bog‘da turli mevali darxatlar va tok bor. Bundan tashqari, xonadon sohibi payvandchilik bilan shug‘ullanadi.
– Ushbu mahallada 570 xonadon bo‘lib, mahallaning asosiy drayveri issiqxona va chorvachilik hisoblanadi, – deydi Sharof Rashidov tumani hokimining birinchi o‘rinbosari M.Ergashev. – Mahalladagi 300 dan ortiq xonadon ahlining o‘zlari issiqxona tashkil etib, o‘sha yerda mehnat qilsa, 100 ta xonadon a’zolari chorvachilik bilan shug‘ullanadi.
“Agrobank” kredit mablag‘lari hisobiga mahalladagi 55 ta xonadonda issiqxona tashkil etildi. Yil oxirigacha yana 45 ta issiqxona tashkil etish rejalashtirilmoqda. Yil oxiriga qadar aholining 80-85 foizining bandligi to‘liq ta’minlanadi.
Press-tur ishtirokchilari “Pastki so‘loqli” mahallasidagi 2,4 gektarlik issiqxona majmuasida bo‘ldi. Mahalladagi 821 xonadonda 5 mingdan ortiq fuqaro istiqomat qiladi, shundan 3 ming 700 kishi ishga layoqatli.
Aholi uchun 6 gektar yer ajratilib, shundan 2,4 gektarida issiqxona tashkil etildi va aholiga 10 sotixdan, ya’ni 4 sotixi issiqxona, 6 sotixi ochiq ekin maydoni shaklida bo‘lib berildi.
Joriy yil 1 yanvar holatiga jami sohalarda va o‘zini o‘zi band qilganlar bilan qo‘shib hisoblaganda viloyat bo‘yicha 27 mingga yaqin aholi bandligi ta’minlangan bo‘lsa, hozirda 87 ming nafardan ortgan.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA