Buxoro viloyati Ichki ishlar boshqarmasi Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 18 apreldagi “Ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan profilaktika inspektorlari shtat birligi 310 nafardan 371 nafarga yetkazildi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 18 fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-ma’naviy muhitni sog‘lomlashtirish, mahalla institutini yanada qo‘llab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni bilan har bir mahallada bir nafardan profilaktika inspektori, shuningdek, bozorlar uchun alohida shtat birliklari ajratilib, viloyatda mavjud 544 ta mahalla fuqarolar yig‘inida 562 nafar profilaktika inspektori shtat birliklari joriy qilindi.
Bugungi kunda viloyatda profilaktika xizmati xodimlari tomonidan jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash borasida qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
– Islohotlar jarayonida jinoyatchilikning salmog‘iga asosan mahallalarni qizil, sariq va yashil toifalarga ajratish amaliyoti joriy etildi, – deydi Jamoat xavfsizligi xizmati Xuquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik Karomat Radjabov. – 9 oy yakunida viloyatda 68 ta mahallalar qizil, 244 ta mahallalar sariq va 232 ta mahallalar yashil toifaga kirdi.
Profilaktika inspektorlari tomonidan 9 oy davomida 75 027 ta o‘z vakolatiga kiruvchi huquqbuzarliklar aniqlanib, huquqbuzar shaxslardan 12 milliard so‘mdan ortiq jarimalar undirildi.
[gallery-19701]
Shundan so‘ng, shahar-tuman profilaktika inspektorlari bilan “Onlayn yo‘riqnoma” o‘tkazildi. Bunda ommaviy axborot vositalari vakillariga yo‘riqnoma o‘tkazish tartibi to‘liq tushuntirildi.
Shu bilan birga, Ommaviy axborot vakillariga “E-ma‘muriy ish”, “E-Ijtimoiy profilaktika”, “E-Muhokama” elektron platformalarining ishlash tartibi, ushbu loyihalar amaliyotga tatbiq etilganidan so‘ng erishilgan natija va ish samaradorligi xususida ma’lumotlar taqdim etildi.
Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi bilan tashkil etilgan press-turning navbatdagi manzili Buxoro shahridagi “Oydin nur” oilani ijtimoiy, huquqiy himoyalash markazi bo‘ldi.
Bu yerda Ichki ishlar boshqarmasi hamda Markaz hamkorligida og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilaviy, maishiy tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan, odam savdosi qurboniga aylangan mehnat muhojirlari, ilgari sudlanganlar va yakka yolg‘iz ayollarga ko‘rsatilayotgan amaliy yordamlar xususida ma’lumot berildi.
Buxoro viloyat IIB Jamoat xavfsizligi xizmati Huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi voyaga yetmaganlarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish markaz faoliyati Ommaviy axborot vositalari vakillariga tanishtirildi.
Press-tur ishtirokchilarining keyingi manzili Buxoro tumani “Rabotiqalmoq” mahalla fuqarolar yig‘ini huquq-tartibot maskani bo‘ldi. “Raqamlashgan obod va xavfsiz” mahalla tamoyili asosida qaytadan bunyod etilgan maskanda yaratilgan sharoitlar o‘rganildi.
Bugungi kunda aholining ijtimoiy-iqtisodiy muammolariga yechim topish, hududda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish borasida “Mahalla yettiligi” vakillarining hamkorlikdagi ish faoliyati bilan tanishdi.
2021 yil sentyabr oyidan boshlab, profilaktika inspektorlari tomonidan ko‘rib chiqiladigan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni to‘liq elektron shaklga o‘tkazilishi, shuningdek, profilaktika inspektorlarining sud majlislarida “masofaviy” mobil videokonferensaloqa tarzida qatnashish tartibi joriy etildi.
Unga ko‘ra, yashash manzili sud binosidan uzoq joylarda yashaydigan, sudga kela olmasligi bo‘yicha uzrli sabablari bo‘lgan hollarda ma’muriy ish hujjatlarining skaner varianti “Ye- ma‘muriy ish” tizimi orqali bazaga yuklanadi va sud tomonidan qabul qilinib, sud muhokamasi vaqti belgilanadi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil Buxoro viloyatiga tashrifi chog‘ida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash maqsadida profilaktika inspektorlari uchuvchisiz uchadigan apparatlar bilan ta’minlandi.
Press-tur davomida ushbu tajriba ham o‘rganildi. Bunda mahalla hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, jamoat tartibini saqlash, xizmat samaradorligi va tezkorligini oshirish, turli nostandart vaziyat va hududlarda fuqarolar xavfsizligini ishonchli ta’minlashda dronlarning ahamiyati yuqori bo‘layotgani alohida ta’kidlandi.
Shundan so‘ng, viloyat Ichki ishlar boshqarmasi hamda viloyat hokimligi xotin-qizlar boshqarmasi bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan qo‘shma Dastur asosida ayollar jinoyatchiligini oldini olish maqsadida tashkil etilgan “Muqaddassan ayol” mobil targ‘ibot guruhining faoliyati o‘rganildi.
Press-tur davomida OAV vakillari, mustaqil jurnalist va blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga javob oldi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/trz06B4Kl68?si=G1WSjcsPq_vAKsT7" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.