Joriy yilning 7-9 kunlari "Rosatom" davlat korporatsiya tomonidan Leningrad atom elektr stansiyasi faoliyati bilan tanishish maqsadida press-tur tashkil etildi.
Unda O‘zbekiston, Hindiston, Janubiy Afrika, Bangladesh, Qozog‘iston, Turkiya kabi davlatdan vakillar ishtirok etdi.
Press-tur doirasida Leningrad atom elektr stansiyasi direktori Vladimir Pereguda ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda V.Pereguda ishtirokchilariga Rossiyada "yashil" energetikani rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar va Leningrad atom elektr stansiyasi faoliyati haqida batafsil ma’lumot berdi.
-Leningrad atom elektr stansiyasi Rossiyadagi yirik stansiya bo‘lib, uning quvvat 4300 megavttni tashkil etadi,-dedi V.Pereguda.
Ahamiyatli jihati, stansiyada turli yillarda ishga tushirilgan to‘rtta "RBMK-1000" va "VVER-1200" energobloklari o‘rnatilgan.
Stansiyaning yillik ishlab chiqarish quvvati soatiga 30 milliard kilovatt elektr energiyasini tashkil etadi.Stansiya Sankt-Peterburg va Leningrad shaharlari elektr energiya sarfining 55 foizdan ortig‘ini ta’minlaydi. O‘z navbatida, RBMK-1000" energoboloklarida modernizatsiya ishlari olib borilib, ularning uzluksiz faoliyati ta’minlanmoqda.
Shu bilan birga stansiyaning imkoniyatini kengaytirish borasida ham tadbirlar ko‘rilmoqda. 2022 yilning avgust oyida ikkita
"VVER- 1200" energoblokini qurish bo‘yicha tayyorgarlik ishlariga start berildi. Ushbu energobloklar 2030 yildan so‘ng ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Leningrad atom elektr stansiyasi direktori Vladimir Pereguda "Rosatom" davlat korporatsiyasi tomonidan yaratilgan yangi texnologiya – "VVER-1200" energobloki haqida to‘xtalib o‘tdi. Ushbu texnologiya xavfsizligi va "yashil" energetikani rivojlantirishda har jihatdan talablarga javob berishini ta’kidladi.
Uchrashuv yakunida V.Pereguda ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga batafsil javob berdi.
Shundan so‘ng tadbir ishtirokchilari Leningrad atom elektr stansiyasi faoliyati bilan tanishdi.
Qarag‘ayzorga burkangan shahar bilan tanishuv press-tur doirasida Leningrad viloyatining Sosnovыy Bor shahridagi e’tiborli manzillariga sayohat uyushtirildi.
Ahamiyatli jihati, Leningrad atom elektr stansiyasi aynan ushbu hududda joylashgan bo‘lib, bugungi kunda shaharda ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilgan va bu Sosnovыy Borga o‘zgacha qiyofa baxsh etgan.
Sosnovыy Bor shahri hududi jihatdan unchalik katta bo‘lmasa-da, lekin osmono‘par va zamonaviy binolari bilan e’tiborni tortadi. Ob-havosi salqin, tez-tez yomg‘ir yog‘ishi sababli shahar aholisi allaqachon issiq kiyimlarga o‘tgan.
Ushbu hududda qarag‘ay daraxtlar ko‘pligi tufayli shahar nomi ham Sosnovыy Bor ( Qarag‘ay o‘rmoni), deb atalar ekan.
Sosnovыy Bor Rossiyaning Leningrad viloyatidagi eng yosh shaharlaridan biri. U Rossiya shimoli-g‘arbiy qismida va Fin ko‘rfazi qirg‘og‘idagi qarag‘ay daraxtlari hamda qumtepalar orasida joylashgan.
Sosnovыy Bor Sankt-Peterburgdan 100 kilometr uzoqlikda bo‘lib, aholisi qariyb 68 ming nafarni tashkil etadi.
Shaharning gullab-yashnashi va obod bo‘lishida Leningrad atom elektr stansiyasining alohida o‘rni bor. Negaki, ushbu yirik inshoot qurilishi bilan qator korxonalar faoliyati ham yo‘lga qo‘yilgan. Garchi, Sosnovыy Bor 1958 tashkil etilgan bo‘lsa-da, ushbu stansiya ishga tushirilgandan so‘ng unga shahar maqomi berilgan.
Shaharning diqqatga sazovor joylari ko‘p. Masalan, "Andersengrad" me’moriy ansambli. U 1980 yil Xans Xristian Andersenning 175 yilligigi munosabati bilan ochilgan.
"Primorskiy" istirohat bog‘i ham shahar aholisi uchun sevimli manzil hisoblanadi.
Shahar bilan tanishuv chog‘ida bu yerda istiqomat qilayotgan aholi vakillari bilan muloqotda bo‘ldik.
Shu yerda tug‘ilib-o‘sgan Anna Arseyenkovaning ta’kidlashicha, bu yerda barcha qulayliklar yaratilgan.
- Sosnovыy Bor juda obod shaharga aylandi. Yo‘llar, parklar, bolalar o‘yingohlari ko‘rkam tusga kirdi. Stadionlar, sport maydonlaridan sharoitlar ko‘zni quvontiradi. Bu yerda yashovchilar ish qidirib, biron joyga ketmaydi, aksincha, ularning ishlashi, oilasini boqish uchun barcha imkoniyatlar shu yerning o‘zida yaratilgan, - dedi A.Arseyenkova.
Tabarruk 91 yoshli Ivan Kuchkin shahardagi dam olish maskanlarida piyoda yurishni yaxshi ko‘rishini aytdi.
– Nafaqadaman, lekin mamlakatimizdagi o‘zgarishlar, bunyodkorlik ishlarini kuzatib boraman. Avval shahrimiz uchta ko‘chadan iborat edi. Hozir katta va zamonaviy go‘shaga aylandi. Bu, albatta, Leningrad atom elektr stansiyasi tufayli vujudga kelgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari bilan bog‘liq. Men shahrimizni tomosha qilishga kelgan sayyohlarga katta hurmat bilan qarayman va juda xursand bo‘laman, - dedi I.Kuchkin.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA