Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Press-tur: 300 nafar poplik yosh tez orada doimiy ishga ega bo‘ladi
10:18 / 2022-04-15

Namanganda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, “O‘zsanoatqurilishbank” aksionerlik tijorat banki hamda Namangan viloyati hokimligi hamkorligida navbatdagi press-tur tashkil etildi.

Jurnalistlar va blogerlar “Pop sement” mas’uliyati cheklangan jamiyatida amalga oshirilayotgan loyihalar, ishlab chiqarish jarayonlari va zavodning kelgusidagi rejalari bilan yaqindan tanishdi.

Pop tumanida tadbirkor Saidg‘affor Saidnuriddinov ta’sischiligidagi “Pop sement” MCHJ tomonidan yiliga 300 ming tonna, 400 va 500 markadagi sement ishlab chiqarishga ixtisoslashgan korxona barpo etildi. To‘rtta bo‘limdan iborat zavod o‘zining xomashyo bazasi, ya’ni konlariga ega. Ular asosan Chust tumanidagi Qoraqo‘rg‘on kareridan olinadi.

– Zavod qurilishi 2018 yilning mart oyida boshlangan, – deydi “Pop sement” MCHJ direktori Valijon Alijonov. – Texnologik uskunalar Xitoy davlatidagi hamkor “Nanjing s-hope cement engineering group” kompaniyasi tarafidan ta’minlangan. Ayni paytda esa, sexlarimizda Xitoy va Germaniyadan keltirilgan zamonaviy rusumdagi texnika va jihozlarni sinovdan o‘tkazish ishlari yakunlanish bosqichida. Buning uchun 10 nafar xorijlik mutaxassis mahalliy ishchi-xodimlarga yaqindan ko‘maklashmoqda. Qolaversa, ishlab chiqarilgan dastlabki mahsulotlar laboratoriya va texnik sinovlardan o‘tmoqda. Mahsulot turlariga muvofiqlik sertifikatlari olingan.

Loyihaning umumiy qiymati 28 million AQSH dollarini tashkil etib, bunyodkorlik ishlariga xitoylik biznes hamkorlarning 21 million dollar miqdoridagi xorijiy investitsiyasi jalb qilingan. Yangi quvvat ishga tushishi bilan 300 nafar poplik yosh doimiy ish bilan ta’minlanadi.

"O‘zsanoatqurilishmateriallari" uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetovning ma’lum qilishicha, ayni paytda mamlakatimizda sement ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan 31 ta korxona mavjud bo‘lib, 2021 yilda sement ishlab chiqarish bo‘yicha quvvatlar 21,3 million tonnaga yetkazildi. O‘tgan yilda Respublika bo‘yicha jami 14,2 million tonna sement ishlab chiqarilgan.

Namangan viloyatida 2017-2021 yillarda qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha 4,3 trillion so‘mlik 395ta yangi investitsiya loyihasi amalga oshirilgan bo‘lib, ishlab chiqarish quvvati 2,1 trillion so‘mga yetkazilgan. Natijada 8 ming 991ta yangi ish o‘rni yaratildi.  

Chust tumanida ham umumiy qiymati 16,5 million dollarga teng, yillik quvvati 250 ming tonnalik sement mahsulotlari ishlab chiqararuvchi “Namangan sement” mas’uliyati cheklangan jamiyati zavodi ishga tushirildi. Davlatobod tumani Yuksalish kichik sanoat zonasida esa yiliga 1,7 ming kv. metr keramik plita mahsulotlari ishlab chiqarishga itxtisoslashgan “Flat tile” MCHJ foydalanishga topshirildi.

Viloyatda 2021-2023 yillarda qurilish materiallarini ishlab chiqarish bo‘yicha 9 trillion so‘mlik 160 ta yangi investitsiya loyihasi shakllantirildi. Amaldagi va yangi shakllantirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish natijasida 2022 yilda viloyatning sement (3 million tonna), keramik plitkalar (435.6 ming. kvadrat metr), grafitdan elektrod (0.4 ming tonna) ishlab chiqarishga bo‘lgan talabi to‘liq qoplanadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA