Buxoro viloyat musiqali drama teatrida Oybekning “Mahmud Torobiy” spektakli premerasi (rejissyor Ravshan Rasulov) bo‘lib o‘tdi.
Premeraga keng jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari vakillari, tomoshabinlar qatnashdi.

Dastlab teatr direktori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Yo‘ldosh Genjayev hammani bugungi yangi spektakl prem’erasi bilan tabrikladi. Buxoro davlat universiteti tuzilmasidagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi direktori, dotsent Azalshoh Hamroyev xalq qahramoni, mo‘g‘ul bosqinchilariga qarshi qo‘rqmasdan kurashgan va ortidan minglab odamlarni ergashtira olgan Mahmud Torobiyning shaxsi va u boshchilik qilgan qo‘zg‘olon haqida gapirib berdi.

... Chekka bir qishloqda oddiygina kosib xonadonida tavallud topgan Mahmudning vujudiga haqsizlikka nafrat tuyg‘ulari go‘dakligidayoq singib borgan. U o‘z elining iftixor qilsa arzigulik mardi maydon o‘g‘li bo‘lib voyaga yetdi. Beshigini tebratgan ona zaminga sadoqat Mahmudning ezgu orzusi bo‘lib, shuning uchun ham u o‘zini el-ulusga Torob qishlog‘idan chiqqan jasoratli Mahmud sifatida tanitdi. Vatan va vatandoshlar dardi, ular manfaatini ulug‘lash, quvonchiga sherik bo‘lish ishtiyoqi Mahmudning dilidan chuqur joy olgan edi. Modomiki shunday ekan, mahalliy amaldor va ruhoniylarning zulm-zo‘rligi, qadim-qadimdan ilmu donish maskani bo‘lgan Buxoro tuprog‘iga mo‘g‘ullarning bostirib kirishi, ko‘z ko‘rmagan, quloq eshitmagan zo‘ravonliklar yurgizishiga Mahmud Torobiy va uning tarafdorlari befarq qarab turolmadi.

Adolat va tabarruk ona yurtning daxlsizligi uchun ko‘tarilgan bu qo‘zg‘olonning tashkilotchisi va rahnomasi Mahmud Torobiy bo‘ldi. Buyuk yozuvchi Oybek mana shu qo‘zg‘olon haqida 1942 yilda o‘lmas asar yaratdi. “Mahmud Torobiy” asari Oybekning 1958 yilda nashr etilgan “Tanlangan asarlar” kitobiga kiritilgan.

Spektaklda o‘zbek professional musiqa san’atining darg‘alaridan biri, fidoyi ijodkor, atoqli kompozitor Mustafo Bafoyev musiqalaridan o‘rinli foydalanilgan. Bu musiqalar sahnadagi jangovor ruhga singib ketgan kabi taassurot qoldiradi.
Asar yosh avlodda Vatanni sevish va unga sodiq bo‘lish tuyg‘ularini tarbiyalashi bilan ahamiyatlidir.
Spektaklda Mahmud Torobiy rolini yosh artist Amirxon G‘afforov ijro etdi.
Zarif Komilov,
O‘zA muxbiri