"Prague European Open" dzyudochilarimiz uchun omadli boshlandi
Chexiyaning Praga shahrida dzyudo bo‘yicha o‘tkazilayotgan Yevropa ochiq kubogining birinchi kunida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 1 tadan oltin va bronza medalini qo‘lga kiritdi. Natijada termamiz 35 ta davlat orasida medal jamg‘arish bo‘yicha 3-o‘ringa ko‘tarilib oldi.
"Prague European Open" turnirining -73 kg. vazn toifasida buxorolik yosh dzyudochimiz Zamohshari Bekmurodov so‘nggi hal qiluvchi final bellashuvida ukrainalik Said-Magomed Xalidovni bir daqiqada og‘ritish usuli bilan mag‘lubiyatga uchratdi va oltin medalga sazovor bo‘ldi.

Ayollar o‘rtasidagi bellashuvlarda Irisxon Qurbonboyeva +78 kg. vaznda bronza medali uchun polshalik Kinga Volchak bilan raqobatlashdi. Bahsda dzyudochimiz raqibini ippon bahosi evaziga taslim etdi.
Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA