Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
PR – barqaror obro‘mi yoki vaqtinchalik shov-shuv?
12:28 / 2025-09-22

Zamonaviy media va marketing sohalarida PR (public relations) vositalaridan foydalanish tobora kengaymoqda. Brendlar, san’atkorlar, siyosatchilar va hatto blogerlar o‘z obro‘sini oshirish, auditoriya e’tiborini jalb qilish yoki bozorda raqobatbardosh bo‘lish maqsadida PR strategiyalarini ishlab chiqadi. Biroq, bu sohaga xos bo‘lmagan, hatto axloqiy me’yorlarga zid yo‘llar – ya’ni, qora PR (black PR) tendensiyasi ham keng tarqalmoqda.

Afsuski, bugun ba’zi shaxslar mehnat, bilim va iste’dod o‘rniga turli provokatsiyalar, axloqsiz qiliqlar, yolg‘onlar, mojarolar orqali mashhurlikka erishishni afzal ko‘rmoqda. Aslida PR nima uchun yaratilgan va nima sababdan ko‘pchilik bu qudratli vositani yomon yo‘lda ishlatmoqda?

Public relations (ommaviy kommunikatsiya) – bu tashkilot, brend yoki shaxsning ijtimoiy imijini shakllantirish, omma bilan to‘g‘ri, samimiy va ochiq muloqot yuritish uchun xizmat qiluvchi professional faoliyat.

PRning asosiy maqsadlari quyidagilardan iborat:

–  Ijobiy imij yaratish;

–  Jamiyat bilan doimiy barqaror aloqalarni yaratish;

–  Axborotni tarqatish orqali e’tibor jalb qilish.

Shunday qilib, PRning asosida haqiqat, axloq, muloqot va ishonch yotadi. Bu sohaga professional yondashgan kishi yoki tashkilot doim o‘z faoliyatini ommaviy manfaatlar, axloqiy me’yorlar va jamiyat qadriyatlariga asoslaydi.

Qora PR – bu maqsadli ravishda salbiy axborot tarqatish, shaxs yoki brendga bo‘lgan e’tiborni mojaroli yo‘l bilan jalb qilish, yolg‘on, fitna va axloqsiz uslublar orqali e’tiborga tushish harakati. Ba’zida bu taktika o‘ziga xos “skandal marketing” yoki “antireklama” shaklida namoyon bo‘ladi.

Qora PRning ayrim ko‘rinishlariga jamoatchilikni shokka soluvchi videolar, fotolar, yolg‘on yangiliklar, axloqiy me’yorlarga zid intervyular, raqobatdosh kompaniyalarni obro‘sizlantirishga qaratilan maxsus rejalar kiradi. Bu kabi “shov-shuv”lar ko‘p hollarda diqqatni jalb qiladi, muhokamalarga sabab bo‘ladi, ammo barqaror obro‘ yoki ishonchni emas, faqat qisqa muddatli mashhurlikni olib keladi.

Bugungi tezkor dunyoda sabr, mehnat va izchillik orqali yutuqqa erishish ko‘pchilikka “eski usul”dek tuyuladi. Natijada, ayrimlar tezda tanilish uchun shov-shuvli harakatlar, ya’ni qora PRni afzal ko‘radi. Ijtimoiy tarmoqlarda eng ko‘p muhokama qilinadigan mavzularga turli xil kelishmovchiliklar, axloqsizliklar va insonlarning xatti-harakatlarini baholashga aslida hech qanday vakolati bo‘lmagan insonlar tomonidan tahlil qilish kabilar kiradi. Odamlar ijobiy xabarni emas, salbiy yangilikni ko‘proq ulashadi. 

O‘zbek shou-biznes olami va mediasida ham bu usulni ko‘p qo‘llaydigan shaxslarni bilamiz. Ular biron-bir shov-shuvli vaziyatni (ko‘p hollarda salbiy yo‘nalishdagi) o‘rtaga tashlaydi va qolganini shunchaki jamiyat muhokamasiga qo‘yib beradi va ora-orada yanada bu harakatning kengayishi uchun zamin yaratadi. Bu orqali ba’zi shaxslar yetarlicha taniladi, lekin ularning “ijodi” va qilgan ishlari yomon xotira va g‘azab bilan tilga olinadi.

Ba’zi hollarda media tizimida nazorat sustligi va etika qoidalariga yetarlicha rioya qilmaslik ham qora PR rivojlanishiga ustunlik beradi. Ko‘plab internet nashrlar reyting uchun kim nima qilsa, uni darhol yoritishga tayyor. Sarlavha – shov-shuvli, mazmun esa salbiy ma’lumotlarga to‘la. Jamiyatda axloqiy, madaniy va diniy qadriyatlarning susayishi qora PRga nisbatan talabni oshirib yuboradi – ko‘pchilik buni endi “normal” deb qabul qiladi.

Qora PR jamiyatga juda katta salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Avvalo, ijtimoiy qadriyatlarning yemirilishi, yoshlar ongida noto‘g‘ri ideal shakllanishi, professional mehnatning qadrsizlanishiga sabab bo‘ladi. Bugungi kundagi “tanilish” ko‘pincha “hurmat topish” degani emas. Lekin yoshlar orasida qay bo‘lmasin tanilish va mashhurlik hayotdagi yagona maqsad sifatida ko‘rilmoqda. Bu esa axloqiy susayishga sabab bo‘ladi.

PR – bu vosita. Uni qanday ishlatish insonning axloqiy tanloviga bog‘liq. Bugun ko‘plab muvaffaqiyatli insonlar bor: ilm-fan vakillari, sportchilar, san’atkorlar, ixtirochilar – ular qora PRsiz ham insonlarga yaxshi tanilgan. Qolaversa, to‘g‘ri PR – bu jamiyatni ilhomlantiradigan, ishonch uyg‘otadigan axloqiy jihatdan to‘g‘ri yo‘ldir. Ammo qora PR – bu mashhurlikka eltuvchi eng qisqa va eng past yo‘l. Uning ortida axloqsizlik, yolg‘on, ishonchsizlik va jamiyatga zarar yotadi. PR sohasi esa aslida jamiyat va shaxs o‘rtasidagi sog‘lom ko‘prik bo‘lishi kerak. Tanlov esa har doim insonning o‘ziga bog‘liq: barqaror obro‘mi yoki vaqtinchalik shov-shuv?

Dildora DO‘SMATOVA

O‘zA