Bugun poytaxtimizdagi 335 ta umumta’lim maktablarida “So‘nggi qo‘ng‘iroq” jaranglab, 2022/2023 o‘quv yili yakunlandi. Tadbir “Ilmni qadrlang, ilmga intiling!” shiori ostida tashkil etildi.
Olmazor tumanidagi 249-maktabda o‘tkazilgan tantanali tadbirda Toshkent shahar hokimi vazifasini bajaruvchi Shavkat Umurzoqov ham ishtirok etib, ustozlar va o‘quvchilarni yana bir o‘quv yilini muvaffaqiyatli yakunlaganliklari bilan tabrikladi.

Shavkat Umurzoqov o‘z nutqida davlatimiz rahbarining yoshlarga bo‘lgan cheksiz muhabbati va yurtimizda yosh avlod kamoli uchun yaratilayotgan beqiyos sharoitlarni e’tirof etgan holda, yoshlarga ishonch hamda umid katta ekanligini bildirdi. Mustaqil hayotga qadam qo‘yayotgan bitiruvchilarga o‘z tavsiya va tilaklarini aytib o‘tdi. Toshkent shahar hokimligi axborot xizmati xabariga ko‘ra, joriy o‘quv yilida shahrimizdagi 335 ta umumta’lim maktabini 73 ming 57 nafar bitiruvchi tamomlamoqda. Ularning 41 ming 848 nafari 9-sinfni, 31 ming 209 nafari esa 11-sinfni tugatmoqda.
Bitiruvchilarning 939 nafari maktabni imtiyozli attestat bilan yakunlab, 90 nafari kumush va 849 nafari oltin medal bilan taqdirlandi. E’tiborli jihati, ularning 1 ming 475 nafari muddatidan oldin oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilingan. Bu esa yoshlarimizning bilim olishga chanqoqligi, mamlakatimizda keyingi yillarda navqiron avlodning to‘laqonli bilim olishi uchun yaratib berilayotgan qulay sharoitlarning amaliy natijasidir.

– Mamlakatimizda yoshlarning puxta bilim olishining muhim sharti sifatida ustozlar har jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda, – dedi Toshkent shahrining Olmazor tumanidagi 133-yapon tiliga ixtisoslashtirilgan maktab direktori Nigora Zukurova. – Bu esa pedagoglar zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi, ta’lim berish jarayonining sifat jihatdan yangi bosqichga olib chiqish imkonini bermoqda. Buning natijasida o‘qishda, fan olimpiadalarida juda yaxshi natijalar ko‘rsatib, muddatidan avval talaba bo‘lgan yoshlar bizning maktabimizda ham juda ko‘pchilikni – 64 nafarni tashkil etganini faxr bilan aytmoqchiman. Darhaqiqat, ta’limga, ustozlarga qaratilayotgan yuksak e’tibor yosh avlodning bilim olishga bo‘lgan ishtiyoqining tobora ortib borayotganida, ularning ezgu orzu-umidlari ro‘yobga chiqayotganida o‘zining amaliy ifodasini topmoqda.
Nazokat Usmonova, O‘zA