Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Poytaxtimizda yosh tadbirkorlar biznes-forumi boshlandi
16:34 / 2016-11-24

Toshkentda “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzuida yosh tadbirkorlar biznes-forumi boshlandi.

Toshkentda “Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzuida yosh tadbirkorlar biznes-forumi boshlandi.

“Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati, Respublika yoshlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash markazi, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi, Markaziy bank, Adliya vazirligi, Davlat soliq qo‘mitasi, Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qo‘mitasi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi markazi hamda O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi kengashi hamkorligida tashkil etilgan tadbirda 120 yosh tadbirkor ishtirok etmoqda.

O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari vazifasini bajaruvchi N.Dadaxonova, “Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati markaziy kengashi raisi o‘rinbosari O‘.Shukurov va boshqalar Birinchi Prezidentimiz rahnamoligida kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish, buning uchun zarur sharoitlar yaratish, yosh tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash borasida amalga oshirilgan ishlar yuksak samaralar berayotganini ta’kidladi.

2016-yil 14-sentabrda imzolangan “Yoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonun mazkur yo‘nalishdagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi.

"Kamolot” yoshlar ijtimoiy harakati yigit-qizlarda tadbirkorlik ko‘nikmalarini shakllantirish, ularning biznes g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari bilan hamkorlikda qator loyihalarni amalga oshirmoqda. “Yosh tadbirkor – yurtga madadkor”, “Yosh tadbirkor – kelajakka poydevor”, “Mening biznes g‘oyam” kabi loyihalar yoshlarning biznes loyihalarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Tadbirda soha mutaxassislari tomonidan yoshlar uchun biznesni tartibga soluvchi me’yoriy-huquqiy hujjatlar, kichik biznesning yuridik maqomini tanlash, tijorat banklarining kredit siyosati, biznes-reja tuzish talablari, kichik biznes texnologiyalarini topish, sotib olish va olib kelish shartlari bo‘yicha ma’lumotlar berildi.

– 2011-yilda "Hokim va yoshlar" uchrashuvida unumdorligi past yerlardan yuqori hosil olish bo‘yicha ishlab chiqqan rejamni taklif etdim, – deydi gulistonlik yosh fermer Sarvinoz Shokirova. – Taklifim ma’qul kelib, menga 53 gektar yer maydoni ajratildi. Besh yildan buyon bu yerda paxta, bug‘doy ekib, yuqori hosil olayapmiz. "Yilning eng faol yosh ayol fermeri" va "Tashabbus" ko‘rik-tanlovlarida g‘olib bo‘lganman. Biz, yoshlar uchun yaratilayotgan sharoit va ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdan cheksiz minnatdormiz.

– O‘tgan yili "Qishloq qurilish bank"ning Ohangaron tumani filialidan 50 million so‘m kredit olib, issiqxona va qurilish tarmog‘ida keng foydalaniladigan poletilen plyonkalar ishlab chiqarishni boshladik, – deydi yosh tadbirkor Javlon Yoqubjonov. – Bankdan olgan qarzimni olti oyda, ya’ni muddatidan oldin to‘lab, bu yil yana 100 million kredit oldim. Ushbu mablag‘ni poletilen plyonkalarni qayta ishlovchi zamonaviy uskunalar sotib olishga sarfladim. Korxonada 5 nafar tengdoshim ish bilan band.

– Mamlakatimizda ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish sohalariga zamonaviy texnika va texnologiyalarni jalb etishga katta e’tibor qaratilmoqda, – deydi qashqadaryolik yosh tadbirkor Ilhom Uzoqov. – Bu yo‘lda yosh tadbirkorlar uchun barcha sharoit yaratilayotgani bizni behad quvontirmoqda. 2015-yili "Mening biznes g‘oyam" tanlovining mamlakat bosqichida birinchi o‘rinni egallab, "Agrobank"ning Koson tumani filialidan 20 million kredit oldim. Bu mablag‘ni milliy shirinliklar – novvot, parvarda ishlab chiqarishni tashkil qilishga sarfladik. Forumda innovatsion texnologiyalar asosida yuqori sifatli mahsulotlar ishlab chiqarishni rivojlantirishga oid takliflarim bilan qatnashdim.

Forumda yosh tadbirkorlarning g‘oya va tashabbuslari taqdimotlari bo‘lib o‘tdi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, iste’mol tovarlari ishlab chiqarish, turizmni rivojlantirish, ijtimoiy sheriklik asosida yosh tadbirkorlarni ijtimoiy-iqtisodiy himoyalash, yoshlar tadbirkorligiga oid huquqiy-me’yoriy hujjatlarni yanada takomillashtirishga oid taklif va mulohazalar ekspertlar tomonidan ko‘rib chiqildi.

Forumda yoshlar tadbirkorligini moliyalashtirish, zamonaviy texnologiyalarni o‘zlashtirish, eksport-import operatsiyalarini rivojlantirish, yoshlar tadbirkorligiga oid soliq siyosati, yosh soliq to‘lovchilarning huquqiy madaniyatini oshirish, yosh tadbirkorlarga bo‘sh turgan bino va inshootlarni ajratish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.