Shu kunlarda Toshkentdagi “O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazma majmuasida XIX-UzEnergyExpo va XIV-UzStroyExpo xalqaro ko‘rgazmalarining qo‘shma ekspozitsiyasi bo‘lib o‘tmoqda.
“International Expo Group” MCHJ tomonidan tashkil etilgan ushbu ekspozitsiyaning umumiy maydoni 2 500 kvadrat metrni tashkil etadi. Unda O‘zbekiston, Belarus, Italiya, Indoneziya, Eron, Xitoy, Janubiy Koreya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya va Ukraina kabi o‘lkalardan 200 ga yaqin kompaniya ishtirok etmoqda.
[gallery-25844]
– Bizning mahsulotimiz harbiy aerodromlardagi yo‘llarni mustahkamlashda ishlatiladi, -dedi Xitoyning “Taian nuolian engineering materials” kompaniyasi xodimi Adal Maqsad. – Mazkur to‘shama suv o‘tkazmaslik xususiyati bilan boshqa shunga o‘xshagan maxsulotlardan farq qiladi. Mazkur loyiha bo‘yicha hozirda dunyoning 40 dan ortiq mamlakatlari bilan hamkorlik qilyapmiz.
Ishtirokchilarning 40 foizdan ortig‘i “yashil energetika” sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar bo‘lib, ular qayta tiklanuvchi energiya uskunalari, quyosh va shamol texnologiyalari, energiyani tejash tizimlari, yoritish vositalari, avtomatlashtirish, transformatorlar hamda kabel mahsulotlarini o‘z ichiga oladi.
Shuningdek, “UzStroyExpo-2025” doirasida qurilish va pardozlash materiallari, zamonaviy texnologiyalar, muhandislik kommunikatsiyalari hamda issiqlik ta’minoti tizimlaridagi innovatsion yechimlar taqdim etildi.
D.Hakimov, N.Haydarov (surat), O‘zA