Poytaxtimizda yangi hunarmandchilik markazi ochildi
Toshkent shahar Bektemir tumani Oltintopgan mahallasida yana bir yangi hunarmandchilik markazi ish boshladi.
Hunarmand Xolida Mahamadova tomonidan ochilgan mazkur markaz hunarmandchilikning milliy liboslar tikish va quroqchilik yo‘nalishida faoliyat yuritadi.

Xususan, markazda xotin-qizlar bandligi ta’minlash, ularni tikish, bichish va quroqchilik ko‘nikmalariga o‘rgatish belgilangan.

Shuningdek, ustoz-shogird an’anasi asosida hunarmandlarga ehtiyojmand hamda kasb-hunar o‘rganish istagidagi xotin-qizlarni biriktirish vazifalari amalga oshiriladi.

Ochilish tadbirida qayd etilganidek, mazkur yangi ish boshlagan hunarmandchilik markazlari faqat sayyohlarni emas, balki mahalliy aholi, keng iste’molchilar ommasini ham o‘ziga doimiy jalb etadigan maskanga aylanadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA